Markaziy Osiyoda an'anaviylashtirish amaliyotlari (2-qism)
Chop etilayotgan maqolaning original nomi: Beyer, Judith, and Peter Finke. "Practices of traditionalization in Central Asia." Central Asian Survey 38.3 (2019): 310-328.
Tarjimon: Muhammad Dovud
An’anaviylashtirish sohalari
Genderning amaliy ko‘rinishi
Garchi Markaziy Osiyodagi turli hukumat elitalari an’analarni millat qurilishi maqsadida rag‘batlantirib, foydalanib kelgan bo‘lsa-da, ayollar huquqlari va ularning vakilligi masalasi ko‘tarilganda, xuddi o‘sha rahbarlar tomonidan muntazam ravishda bu jarayon to‘sqinlikka uchragan. Ayollar masalalari doimo an’analar bilan bog‘liq bo‘lib kelgan, chunki ko‘pincha aynan gender bilan bog‘liq diskurs va amaliyotlar orqali an’analar yaqqol va ommaviy namoyon bo‘lishi mumkin. Ayniqsa, bu holat din va oilaga taalluqli bo‘lganda yaqqol ko‘rinadi (Akiner 1997; Werner 2009; Kocaoglu 2009). 1927-yilda asosan Tojikiston va O‘zbekistonda o‘tkazilgan, ammo butun Markaziy Osiyoda mashhur bo‘lgan majburiy paranja tashlash kampaniyasi (hujum)dan so‘ng (Northrop 2004), ayollar hamon xotin, ona va qizga hos barcha vazifalarini bajarishga majbur bo‘lgan holda, sovet ishchi kuchiga jalb etildilar (Tett 1994; Dragadze 1994).
Davlat millatchiligi va milliy ozodlik harakatlari ko‘pincha gender ierarxiyasi tushunchalari bilan chambarchas bog‘liq bo‘ladi (Yuval-Devis 1997) va bu kuzatuv butun Markaziy Osiyoda ham o‘z tasdig‘ini topadi: "Post-sovet Markaziy Osiyo millatchilik sharoitida milliy birlik, haqiqiylik va o‘ziga xoslikni shakllantirish "an’analarga qaytish" g‘oyasiga asoslanadi. Bu har bir davlatda turli darajada Sovet Ittifoqining "ayollar masalasi"ni ilgari surishdan uzoqlashish yoki undan uzilishni ifodalaydi" (Cleuziou va Direnberger 2016, 196). Milliy guruhlar singari, davlat choralari ham ayollarning harakatlanish erkinligini, o‘z tanasini nazorat qilishini va turli xil siyosat hamda harakatlar (masalan, ijtimoiy ta’minot, kiyim-kechak, nikoh va hokazo) orqali ularning siyosiy ishtirokini cheklashga intiladi. Shuningdek, ularning faoliyat doirasini uy xo‘jaligi bilan chegaralashga harakat qiladi. Bunday sharoitda gender faolligi va tenglik an’anaviy gender me’yorlariga zid deb qaralib, rad etilishi mumkin (Cleuziou va Direnberger 2016, 198).
Tabishaliyeva (2000, 55) ta’kidlashicha, mustaqillikdan so‘ng Markaziy Osiyo ayollari "patriarxat an’analari, sovet g‘oyalari va G‘arb tasvirlarining ta’siri ostida uch tomonlama kamsitishga duch kelishgan". Uning fikricha, patriarxal an’analar erta turmush qurish, ko‘p farzand (ayniqsa o‘g‘il) ko‘rish va uy-ro‘zg‘or yumushlarini to‘liq o‘z zimmasiga olish talablarini o‘z ichiga oladi. Sovet Ittifoqi parchalanganidan so‘ng, ijtimoiy himoya tizimi yo‘qolganligi sababli, bu yuk yanada og‘irlashdi. So‘nggi yigirma yil ichida Qirg‘izistonda qiz o‘g‘irlash holatlari ko‘paydi. Ko‘p xotinlilik davlat qonunlariga ko‘ra taqiqlangan bo‘lsa-da, Qirg‘izistonda hamon amalda mavjud. Gender qarashlari o‘zgarayotgan sharoitda, yangi tadqiqotlar "gender neotraditsionalizmi"ni ta’kidlamoqda (Megoran 1999; Johnson va Robinson 2006, 2009). Commercio (2015, 529-30) fikricha, "qayta an’anaviylashuv yosh, shaharlik, oliy ma’lumotli ayollarga ko‘proq ta’sir qilmoqda", ya’ni "an’anaviy qadriyatlarni qabul qilishi ehtimoli eng kam bo‘lgan" qatlamga. U qayta an’anaviylashuv tushunchasini o‘z qiziqish doirasidagi mavzu — balog‘atga yetayotgan ayollar misolida o‘rgandi. Buni u bizning maxsus sonda qo‘llaganimizga o‘xshash tarzda, ya’ni empirik yo‘naltirilgan tadqiqot sifatida amalga oshirdi. U Qirg‘iziston va Tojikistondagi oliy ma’lumotli ayollar an’anaviy gender rollariga xayrixoh ekanliklarini aniqladi.
Qirg‘izistonda navbatdagi konstitutsiyaviy islohotlar doirasida (bu haqda batafsil ma’lumot uchun Beyer 2015 ga qarang), konstitutsiya muqaddimasiga "keksalarga hurmat" va "vatanga muhabbat" kabi "oliy qadriyatlar" (ruscha: norma o vysshikh tsennostiakh) kiritildi. Ushbu takliflar bilan birga, "oila" tushunchasi "ikki shaxs ittifoqi"dan "erkak va ayol o‘rtasidagi ittifoq" degan jinsga oid ta’rifga o‘zgartirildi. Garchi kundalik hayotda bu ittifoq mehnat migratsiyasi, ko‘p xotinlilik va ajralishlarning yuqori darajasi tufayli tobora ko‘proq parchalanayotgan bo‘lsa-da, qonun go‘yoki amalda sodir bo‘layotgan o‘zgarishlarga qarshi turmoqchi bo‘lgandek, oilaning an’anaviy timsoli urg‘ulanmoqda. Ushbu maxsus sonimizda biz ayollarning bu vaziyatni qanday boshqarayotganlari va an’anaviylashtirish amaliyotini o‘z manfaatlari yo‘lida qanday o‘zgartirishga urinayotganlarini o‘rganamiz.
Hokimiyatning iqtidori
Ushbu maxsus sonda biz hokimiyatni (authority) shaxsiy irodani amalga oshirish yoki lavozim sifatida emas (qarang: Veber 1922; Markaziy Osiyo uchun qarang: Jones Luong 2002, 68), balki legitimlashtirish jarayonlarining natijasi sifatida tushunamiz: biz hokimiyat haqida gapirganda, muayyan ko‘nikmalar yoki bilimlar egalari (yoki ilohiylikka bevosita da’vogarlar) hurmat qilinadigan holatni nazarda tutamiz, ular esa o‘z navbatida boshqalarga munosib deb hisoblaydigan xatti-harakatlarni namoyon etishadi (Beyer 2016). Hokimiyat munosabatlarga bog‘liq va odamlarning o‘zaro qanday munosabatda bo‘lishlaridan kelib chiqqanligi sababli (Blumer 1969, 7), uni insonning individual qobiliyatidan ko‘ra ko‘proq insonlararo munosabatlarning asosiy jihati sifatida ko‘rish kerak (Peabody 1968). Hokimiyat har doim boshqalar ko‘rsatishga tayyor bo‘lgan e’tirofga bog‘liq (Abu-Lughod 1986, 103; Arendt 1986); shunga qaramay, hokimiyat va iqtidor (power) orasida o‘xshashliklar mavjud bo‘lib, ular iyerarxik komponent va munosabatlikdan (relationality) iboratdir (Arendt 1993, 93; Wolf 1999).
Ammo poststrukturalizmning paydo bo‘lishi va Fukoning iqtidor (power) haqidagi ishlari davridan boshlab, hokimiyat go‘yo kamroq e’tibor qozongandek. Fukoning (1979, 93) “iqtidorni hamma joyda topish mumkin” degan mashhur bayonoti tadqiqotchilarning iyerarxik munosabatlarni ko‘proq iqtodir nuqtayi nazaridan o‘rganishlariga ta’sir qilgan bo‘lishi mumkin. Ammo Fuko o‘zaro aniq munosabatlarga kamroq qiziqib, ko‘proq diskursiv tuzumlarga e’tibor qaratgan. Interaksionalist yondashuvlarini qo‘llab-quvvatlovchilar esa asosan o‘zaro kurashlar bilan qiziqishadi, va bu ularni o‘z tahlillarini iqtidor nuqtayi nazaridan taqdim etishdan qaytaradi. Zamonaviy ijtimoiy fanlar bo‘yicha ilmiy adabiyotlardagi iqtidorning majburlovchi tabiatidan tashqari, rozilik yoki til biriktirishga asoslangan jihatlari tobora ko‘proq urg‘ulanayotganiga asoslanib (Lukes, 1986, 2005), bu yerda taqdim etilgan tadqiqotlar ham shuni ko‘rsatadiki, an’ana institutsional iqtidor orqali amalga oshirilishi mumkin bo‘lsa-da, yangi tashkilotlar hurmatga sazovor bo‘lgan va an’ana nomidan o‘z fikrini bildira oladigan odamlar bilan „to‘ldirilishga“ muhtoj. Bu aktorlar yangi amaliyotlar va xatti-harakatlarga „an’anaviy“ sifat berolishi mumkin. Umuman olganda, hokimiyat va iqtidor o‘rtasidagi o‘zaro aloqalarga e’tibor qaratish bizga an’anaviylashtirish sharoitida ishtirokchilar o‘rtasidagi tabaqalanish munosabatlarining qanday paydo bo‘layotganini yanada chuqurroq tushunishga imkon beradi. An’anaga murojaat qilishni autentifikatsiya (haqiqiy qilish — tarj.) strategiyasi sifatida tushunish mumkin: an’ana faol ravishda ma’lum va ko‘pincha shaxsiy maqsadlar uchun manipulyatsiya qilinadigan resursga aylanadi (Appadurai 1995). Shu tariqa, odamlar amaliyotni, g‘oyani, joyni yoki obyektni autentifikatsiyalash iqtidorini an’anaga bog‘lashadi.
Bundan tashqari, Markaziy Osiyo bo’ylab iqtidor va hokimiyat tushunchalari o’rtasida emik (ichki, bir madaniyat vakillari ko‘zi bilan qaraganda — tarj.) farq ham mavjud. Iqtidor asosan (Sovet) davlatiga va unga aloqador deb ko’rilgan shaxslarga tegishli bo’lgani sabab, Markaziy Osiyo tillarida ruscha "vlast" (kuch) so’zi tez-tez ishlatiladi. Hokimiyat (authority) esa, aksincha, madaniy jihatdan o’rnatilgan xulq-atvor me’yorlariga ishora qiladi, bunda shaxs o’z rolini boshqalar oldida aniq belgilangan chegaralarda bajarishi va ko’rsatishi kerak, aks holda u o’z harakatlari bilan odamlar ko’zida hokimiyatga ega deb ko‘rinmaydi. Bu, ayniqsa, ayollarga jiddiy ta’sir ko’rsatadi, chunki ular Sovet davridagi urushlarda erlarini yo‘qotish, yuqori darajadagi ajrimlar, erkaklarning Rossiyaga mehnat migratsiyasi va ko‘p xotinlilikni qonuniylashtirish haqidagi yangi munozaralar (hozirda Qirg’iziston, Tojikiston va Qozog’istonda davom etayotgan) kabi vaziyatlarda an’anaviy ravishda erkaklarga xos bo‘lgan, masalan, uy boshlig‘i rolini bajarishga majbur bo’lishgan va hozir ham davom ettirmoqdalar (Ismoilbekova 2016; Cleuziou, ushbu masala).
Din va an’analarning chambarchas bog‘liqligi
Biz chuqurroq o‘rganmoqchi bo‘lgan an’ananing uchinchi sohasi din to’g‘risidagi mahalliy munosabatlarning namoyon bo‘lishi va muhikama qilinishidir. Qirg‘izistonning o‘sha paytdagi prezidenti Almazbek Atamboyev o‘z farmonlaridan birida "an’anaviy islomning zaiflashuvi"ni qayd etib, "musulmonlar jamoasidagi qarama-qarshiliklar an’anaviy hanafiy sunniy islomning zaiflashuviga olib kelganini" ta’kidlagan edi. Shundan buyon "milliy madaniyat va milliy o‘zlikni himoya qilish" nomi ostida "davlat va din o‘rtasidagi munosabatlarning tamoyillari va usullarini tubdan qayta ko‘rib chiqish" amalga oshirilmoqda. Atamboyevning bayonotlari mintaqada "islom uyg‘onishi" yuz berayotganini ta’kidlagan 1990-yillardagi ilmiy diskursga qarshi bo‘lsa-da, ular Pelkmansning so‘nggi xulosasiga mos keladi. Uning fikricha, Qirg‘izistonda dinga qiziqish bildirganlar uchun Islom (va Nasroniylikning) an’anaviy shakllari uncha jozibali bo‘lmagan. Ayrimlar ular o‘rniga xristian pentakostalizmi va musulmon Tablig‘i Jamoat kabi yangi diniy harakatlarga murojaat qilishgan. Biroq, Commercioga ko‘ra, hozirgi kunda an’anaviy diniy va oilaviy qadriyatlar Qirg‘iziston va Tojikistonning har ikkalasida ham qabul qilingan. Tojikiston kontekstida esa Islomning islohotchilik harakatlari 1960-yillarning oxiridan beri faoliyat yuritib kelmoqda.
Beyer (2006, 2016) olimlar o‘rtasidagi qarama-qarshi xulosalar amaliyot va institutlarni an’anaviy, diniy yoki ikkalasi sifatida talqin qilish bo‘yicha mahalliy bahs-munozaralarni aks ettiradi (shuningdek, qarang Rasanayagam 2011, 2014). Uning fikricha, aynan madaniy va diniy repertuarlar o‘rtasidagi o‘xshashlik faollarga kengroq harakat erkinligini bergan. Jones (2017) Markaziy Osiyodagi Islom haqidagi so‘nggi to‘plamida Islomga nisbatan "tiklanish" atamasidan voz kechib, uning o‘rniga "o‘zgarish" tushunchasini qo‘llashni taklif qiladi. Bu bilan u mavjud va faqat Markaziy Osiyoga xos bo‘lmagan "raqobatdosh diskurslar"ni tan oladi. Biroq, bunday so‘z o‘zgarishi mintaqadagi ko‘pchilik odamlarning tasavvurlarida o’z tasdig’ini topmaydi. Ular, yaxshimi-yomonmi, so‘nggi o‘zgarishlarni dinning qayta yuksalishi va umuman jamiyatdagi ahamiyatini tiklashi sifatida qabul qilmoqdalar.
Keyslarni taqdim etish
Ushbu maqolalar to‘plami umumiy mavzu — an’anaviylashtirish bo‘yicha yangi qarashlarni taqdim etadi. Ularning nazariy mulohazalari va etnografik keyslarining ahamiyati Markaziy Osiyo tadqiqotlari doirasidan tashqariga chiqadi. Maqolalar 2015-yilda Syurix universitetida o‘tkazilgan Yevropa Markaziy Osiyo tadqiqotlari jamiyatining "XXI asrda Markaziy Osiyo: tarixiy yo‘nalishlar, zamonaviy muammolar va kundalik hayot" mavzusidagi konferensiyasida taqdim etilgan ma’ruzalarga asoslangan. Ushbu maxsus son mualliflari 2017-yil noyabr oyida Konstanz universitetida ikkinchi bor uchrashib, maqolalarining qoralamalarini muhokama qilish va umumiy mavzu ustida ishlash uchun yig‘ildilar. Natijada, biz an’ananing turli amaliy ko‘rinishlariga e’tibor qaratgan holda, an’anaviylashtirishga turli nuqtai nazarlardan yondashuvchi etnografik keyslarning boy va uyg‘un majmuasini yaratdik.
"Norozilik bildiruvchi ayollar, olqishlovchi erkaklar" nomli maqolada Judit Beyer va Ayjarkin Kojobekova Qirg‘izistonning yaqin o‘tmishdagi notinch siyosiy vaziyat fonida kutilmagan tarzda kuchli gender farqlanishiga ega faollarni va ularning an’anaviylashtirish amaliyotlaridan foydalanish usullarini tadqiq etishgan. Bu faollarning jamiyat tomonidan turli darajada qabul qilinishi erkaklar va ayollarning jamiyatdagi o‘rni hamda ular haqidagi an’anaviy stereotiplarga asoslangan.
Juliette Cleuziou o‘zining "An’anaviylashtirish yoki obro‘ qozonish" maqolasida bevalarning qizlarining to‘ylaridagi xatti-harakatlarini tahlil qiladi. Ular kutilgan an’anaviy urf-odatlarga rioya qilish uchun ham ona, ham ota vazifasini bajarishning qo‘sh mas’uliyatini zimmasiga oladi. Mamlakatda ajralishlar soni yuqori bo‘lgani sababli nikohning davomiyligi noaniq bo‘lsa-da, bevalar qizlarini otasizlik tufayli yomon nom orttirish xavfidan asrashga harakat qiladi.
Gender mavzusini yanada chuqurroq o‘rganish davomida, Diana Kudaibergenova Qozog‘iston va Rossiyadagi ijtimoiy tarmoqlarning mahalliy ishtirokchilarga ta’sirini tahlil qiladi. Uning "Globallashgan va qayta an’anaviylashgan tana" nomli maqolasida, Instagram kabi platformalardan shaxsiy ozodlik uchun foydalanadigan odamlar gender, tana va jinsiylik haqidagi global munozaralarga duch kelishlari, boshqalar esa xususiy, mahalliy va milliy doiralardan tashqarida an’anaviylashuv g‘oyalarini tarqatish va mustahkamlash uchun jamoatchilik muhokamalariga va shaxsiy onlayn profillariga murojaat qilishlari ko‘rsatilgan. Har uchala maqola ham ishtirokchilarning o‘z yoki boshqalarning xatti-harakatlarini oqlash, asoslash yoki qoralash uchun murojaat qiladigan uyatning murakkab tuyg‘usiga (uyat; shuningdek, "uyat xavotiri") e’tibor qaratadi.
Tommaso Trevisanining "Faxriylar bayrami" maqolasi an’ana o‘z joyidan ko‘chirilganda nima bo‘lishini o‘rganib, Qozog‘istonning janubidagi Qorag‘anda shahrida joylashgan po‘lat ishlab chiqarish korxonasida xodimlar orasida kuchayib borayotgan norozilikni jilovlash maqsadida kompaniya rahbari tomonidan oqsoqollar kengashi tashkil etilgani haqida tadqiqot olib boradi. Bu yerda an’anaviylashtirish mehnat nizolarida sanoat rahbarligini ham tasdiqlash, ham unga qarshi chiqish amaliyoti sifatida namoyon bo‘ladi.
Dominik Myuller Tataristonning Qozon shahridagi Rossiya Islom Universitetida Markaziy Osiyolik talabalar o‘rtasida "an’anaviy Islom" tushunchasi qanday muhokama qilinayotgani haqida yozadi. Uning ta’kidlashicha, bu yoshlar uchun Rossiya hukumati hozirda targ‘ib qilayotgan Islomni o‘rganish ko‘pincha iqtisodiy noaniqlik bilan kurashish vositasi bo‘lib xizmat qiladi, ota-onalari esa bu orqali farzandlarining axloqiy tarbiyasini ta’minlashga umid bog‘lashadi. Bu nafaqat diniy e’tiqodning ifodasi, balki islomiy mavzularni huquq yoki iqtisod kabi dunyoviy dasturlar bilan uyg‘unlashtirish orqali kelajakdagi ish imkoniyatlarini kengaytirish usuli hamdir.
Jarmila Ptackova "Xitoy Xalq Respublikasining Sinjon viloyatidagi qishloq tibet hududlarida davlat tomonidan amalga oshirilgan modernizatsiyaga javoban an’anaviylashtirish" nomli asarida Xitoyning ozchilik hududlardagi modernizatsiya rejalarining ta’sirini tadqiq etadi. Bir necha o‘n yillar davomida g‘arbiy viloyatlarga infratuzilmani kengaytirish va iqtisodiy qayta qurish adabiyotda asosiy mavzu bo‘lib kelgan va ko‘pincha ozchilik aholini xan xitoyliklarining turmush tarziga moslashtirishga urinish sifatida talqin qilingan. Ptackova bu ishlanmalarning tibetliklar hayotiga faqat salbiy ta’sir ko‘rsatishi haqidagi fikrga shubha bilan qaraydi (aslida tibetliklar modernizatsiya harakatlarini ko‘pincha ijobiy kutib olishadi) va mahalliy an’analardan chekinish hamda ularni qayta baholashni o‘z ichiga olgan javoblarni o‘rganishni davom ettiradi. Bunga tildan foydalanish, taom, hunarmandchilik va marosimlar, shuningdek, ularning kino va turizm sohasidagi moslashuvlari misol bo‘la oladi.
An’ananing kelajagi
An’anaviylashtirish amaliyotlarini hozirgi zamonni o‘tmish bilan bog‘lashga qaratilgan harakatlar sifatida tushunish mumkin. Bu jarayonda amaliyotlar, moddiy madaniyat va institutlarning davomiyligi urg‘ulanadi, bu esa o‘z navbatida „haqiqiylik“ va tarixiy yoki hatto afsonaviy uzluksizlik haqidagi da’volarni mustahkamlaydi. Markaziy Osiyo davlatlari o‘ziga xos milliy o‘zlik loyihalarini ishlab chiqishda ushbu da’volarni o‘zlashtirgan, ammo ular doimo oddiy xalqning madaniy strategiyalarining ajralmas qismi ham bo‘lib kelgan. Zamonaviy davrda an’ana muhim ahamiyat kasb etishda davom etayotgani sababli, ushbu maxsus son elita vakillaridan ko‘ra ko‘proq umumiy aholiga e’tibor qaratib, an’anani qo‘llashning yangi sohalarini o‘rganadi. Shubhasiz, an’ana siyosiy arboblar va mahalliy elitalar uchun mavjud ijtimoiy tartibni yoki mo‘ljallangan o‘zgarishlar yo‘nalishini qonuniylashtirish manbai bo‘lib xizmat qiladi. Shu ma’noda, an’ana odatda, Skottning (1987) mashhur iborasini teskarisiga o‘girib aytganda, "kuchlilarning quroli" hisoblanadi. Agar tegishli murojaat qabul qilinishi va muvaffaqiyatli bo‘lishi kerak bo‘lsa — masalan, keksa erkaklarning mahalliy hokimiyat o‘yinlarida ishtirok etish huquqi (ayollarning emas) kabi inkor etib bo‘lmaydigan faktlar aurasini yaratish — alohida ahamiyat kasb etadi. Biroq, nisbatan kam an’analar va fikr-mulohazalar bahs-munozaradan xoli bo‘ladi. Postsotsialistik davrda ko‘plab mintaqalarda, ayniqsa Markaziy Osiyoda va boshqa joylarda, go‘yoki qadimiy odatlar va urf-odatlarni qayta tiklash bo‘yicha sa’y-harakatlarning yuksalishi va inqirozi kuzatilgan.
Shu sababli, biz ushbu maxsus sonda quyidagi savollarga javob topishni maqsad qildik: An’anaga kim ehtiyoj sezadi va u nima maqsadda qo‘llaniladi? An’anaga murojaat qilish orqali qanday qilib hokimiyat yuzaga kelishi mumkin? Va kim uning tegishli amaliyotlarini nazorat qilishi, tartibga solishi va kuzatib borishi mumkin? Turli xil tadqiqotlar Markaziy Osiyo bo‘ylab an’ananing nafaqat turli vaziyatlarda strategik qo‘llanilishini, balki uning kutilmagan oqibatlarini ham ko‘rsatadi. Bundan tashqari, biz mintaqadagi joriy o‘zgarishlarni shu paytgacha Markaziy Osiyo materiallarida kam o‘rganilgan o‘zaro ta’sir nuqtai nazaridan tahlil qilamiz; bu esa butun dunyo bo‘ylab kuzatilayotgan an’anaviylashtirish jarayonlarini qiyoslash imkonini beradigan yangi ma’lumotlarni taqdim etadi.
Biz an’anaviylashtirish jarayonlarida tengsizlik va kuch nomuvofiqligi doimiy xususiyatlar ekanligini ta’kidlaymiz. Markaziy Osiyo ham bundan mustasno emas. O‘ziga xos an’anaviy amaliyot va g‘oyalarga ega bo‘lgan bir necha o‘n yillik sotsialistik boshqaruvdan so‘ng, yangi ma’no sohalarini izlash va avvalgi ierarxiyalarni qayta tiklash ba’zi sohalarda muvaffaqiyatli bo‘ldi, boshqalarida esa kamroq samara berdi. Bu holat ushbu maxsus sondagi maqolalarda o‘z aksini topgan. Vaqt o‘tishi bilan yangi va eski an’analar yana bir bor institutsionallashadi, bu esa o‘z-o‘zidan tushunarlidek ko‘ringan va obro‘li tabiatga ega bo‘lgan an’analarga o‘z dinamikasini rivojlantirishga yo‘l ochadi. „To‘g‘ri“ munosabatlar va jamiyat tuzilishi haqidagi keng qamrovli madaniy andozalarga bog‘liq bo’lib qolgan holda, kamroq hokimiyatga ega bo‘lganlar o‘z tushunchalari va talablarini ilgari surishda qiyinchiliklarga duch kelishadi.
Markaziy Osiyoda an’anaviylashtirish jarayonlari sobiq sotsialistik tuzumning o‘zgarishi va ko‘pincha keskin tabaqalashgan jamiyatlarning vujudga kelishi bilan bevosita bog‘liq. Shu sababli, bu jarayonlarni faqatgina jamiyatning konservativ qatlamlari ta’siri bilan izohlash noto‘g‘ri bo‘ladi. Aksincha, an’anaviylashtirish dialektik tartibga solish usulining bir qismi hisoblanadi. Bu jarayon oddiy fuqarolar va turli darajadagi hokimiyat vakillari o‘rtasida, ham mahalliy, ham milliy miqyosda muzokaralar orqali shakllanadi. Bu holat milliy darajadagi aktorlarga legitimlik tusini beradi, garchi suiiste’mollar va manipulyatsiyalar aniq ko‘rinib tursa ham. Shu bilan birga, mahalliy darajadagi aktorlarga vaziyatga moslashish, muqobil talablar qo‘yish va joylarda qarshilik ko‘rsatish imkoniyatini yaratadi.