Donate

Markaziy periferiyalar: O'rta Osiyoda milliy davlatchilik

Tarjima va Tanqid12/10/24 10:29419

Kirish

Yaqinda O‘zbekiston o‘z mustaqilligining 33 yilligini, aytish mumkinki, mustaqil milliy davlat qurilishining 33 yilligini nishonladi. Bu muddat milliy davlatchilik qurish jarayonning natijalari, yutuqlari va, ehtimol, kamchiliklari haqida gapirish, sarhisob qilish uchun yetarli muddatdir. Xo‘sh, O‘zbekistonda milliy davlatchilik qurish loyihasi qanday asoslarga tayangan edi? Milliy o‘zlikni shakllantirish qanday vositalar orqali va qay yo‘l bilan amalga oshirildi? Qanday narrativlar (hikoyalar), ramziy tizimlar va institutlar orqali? Biz, O‘zbekiston vatandoshlari, ushbu jarayonlarni o‘z tanamizda his qilgan odamlar sifatida bu haqda bugun nimalar deyolamiz? Mintaqaning yetakchi tadqiqotchilaridan biri — Marlen Laruelning Markaziy Osiyoda milliy davlatchilik qurish mavzusiga bag‘ishlangan kitobining O‘zbekiston haqidagi bobi ushbu savollarga javob berishga urinadi.

Kitobning asl nomi: Laruelle, Marlene. Central Peripheries: Nationhood in Central Asia. UCL Press, 2021. ("Centrality and autochthonism: Uzbekistan’s nationhood" bobi tarjimasi)

Tarjimon: Zakiya Mumtoz



Markaziylik va avtoxtonizm: Oʻzbekistonning milliy davlatchiligi

O‘zbekiston mustaqillikka erishganidan buyon mamlakatning strategiyasi ikki ko‘rinishdagi davlat millatchiligini targ‘ib qilishdan iborat bo‘lib kelmoqda. Birinchisi, I.Karimov rejimining avtoritar xususiyatlarini aks ettirgan siyosiy millatchilik bo‘lib, u siyosiy tizimni tabiiy va munozarasiz deb bilgan hamda davlatni millatning oliy timsoli sifatida talqin etgan. Ikkinchisi esa ramziy jihatdan barcha sohalarda titul etnik guruhga ustunlik beruvchi madaniy millatchilik edi. Bugungi kunga qadar, hatto Karimovning vafotidan va Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelganidan keyin ham, O‘zbekiston davlatining mafkuraviy asosi nemis romantizmidan ilhomlangan holda, har bir xalqning asrlar osha davom etadigan va turli etnik nomlar ostida o‘z mohiyatini ifoda etuvchi ruhga egaligi g‘oyasiga tayanadi. Shu bois, milliy istiqlol mafkurasi siyosiy loyiha sifatida o‘zbek millatining taxmin qilingan mohiyatidagi yuksalishi bilan uzviy bog‘liq bo‘lib, mustaqil milliy davlat uning eng yorqin yutug‘i sifatida chiziqli tarixiy yo‘l orqali namoyon bo‘ladi.

Islom Karimov prezidentligi davrida O‘zbekiston tarixiy buyuk narrativni, shuningdek, aholining ko‘pchilik qismi uchun tushunarli bo‘lgan milliy ramzlarning keng qamrovini muvaffaqiyatli yaratdi — bu strategiyani Lora Adams "ajoyib davlat" deb atagan. Natijada, yangi o‘zbek davlati "dubay-temuriylar" deb atalishi mumkin bo‘lgan siyosiy me’morchilik uslubi orqali gavdalanadi, ya’ni bu temuriylar klassik uslubining Birlashgan Arab Amirliklaridan ilhomlangan zamonaviy talqinidir. Maykl Billig tomonidan ta’riflangan kundalik millatchilik ham o‘zbek millati shakllanish jarayonining ajralmas qismi hisoblanadi. Misol uchun, o‘zbek estrada musiqasi rus-sovet merosini sharqona ohanglar (arab yoki fors uslubida, ba’zan Bollivuddan olingan unsurlar) bilan uyg‘unlashtirib, zamonaviy yulduzlar va ularning "xalqona" hikoyalarini yaratadi. Bu, shuningdek, O‘zbekistonning faol rivojlanayotgan kino sanoatiga ham taalluqlidir: "O‘zbekkino" Markaziy Osiyoda keng mahalliy tomoshabinlar e’tiborini qozongan tijorat jihatidan muvaffaqiyatli filmlarni ishlab chiqarishga qodir yagona kino agentligidir. O‘zbek oshxonasi ham o‘ziga xos brendga aylangan bo‘lib, uning chuqur ramziy ma’nosi (oila, jamoa, mehmondo‘stlik) tufayli mamlakat ichida keng e’tirof etiladi va xalqaro miqyosda, xususan Rossiyaning turli hududlarida, o‘zbek restoranlarining tarmoqlari mavjud.

Postsovet o‘zbek milliy davlatchiligiga oid adabiyotlar boy bo‘lib, Lora Adams va Piter Finke tomonidan amalga oshirilgan mohirona tadqiqotlar Uilyam Firman kabi olimlarning kechki sovet davridagi O‘zbekiston haqidagi ishlariga qo‘shimcha bo‘ladi. Bundan tashqari, Endryu F. March, Nik Megoran, Timur Dadaboyev, Shahram Akbarzoda, Charlz Kurzman, Reuel Xenks, Yoxan Rasanayagam, Sara Kendzior, Nensi Rozenberger va boshqalarning maqolalari milliy davlat shakllanish jarayonining turli jihatlarini o‘rganadi. Ushbu bobda men rasmiy o‘zbek milliy davlatchiligi mafkurasining siyosiy va madaniy jihatlari o‘zaro kesishuviga, xususan, uning mualliflari millatning tarixiy yo‘nalishini qayta yozgan usullariga e’tibor qarataman.


Postsovet O‘zbekistonining asosiy tayanchlari: barqarorlik brendi

Turkmanistondan keyin, Islom Karimov (1938–2016) davridagi O‘zbekiston uzoq vaqt davomida Markaziy Osiyodagi eng barqaror va repressiv rejim bo‘ldi. U Tojikistondagi kabi fuqarolik urushiga va Qirg‘izistondagi siyosiy inqiloblarga duch kelmagan, shuningdek, Qozog‘istonda bo‘lgani kabi, muntazam ravishda muxolifat koalitsiyalarining paydo bo‘lishidan qochib qolgan. Prezidentning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaning yuksalishi va qulashidan tortib, mulk huquqlariga oid nizolar elita o‘rtasida hal qilinishi kerak bo‘lgan kurashlar mavjudligini ko‘rsatgan bo‘lsa-da, bu muammolar asosan yopiq eshiklar ortida qolgan. 1992-1993-yillarda Muhammad Solih boshchiligidagi “Erk” harakati va Abdurahim Po‘latov boshchiligidagi “Birlik” kabi muxolifatdagi millatchi yetakchilar surgunga haydalganidan keyin hukumat elita ichidagi zohiriy ziddiyatlarga deyarli duch kelmagan. Albatta, ba’zi istisnolar ham mavjud bo‘lgan, masalan, 1990-yilda O‘zbekistondagi birinchi xususiy bank — Rustambankni tashkil etgan ishbilarmon va tuzum tanqidchisi Rustam Usmonov. Tuzum, shuningdek, qo‘shni davlatlar bilan qo‘shma ekstraterritorial mexanizmlar yordamida muxoliflarni xorijda ovlashda muvaffaqiyatga erishgan.

O‘zbekistonning boyligi asosan bir nechta yirik tarmoqlar va resurslarga, jumladan, paxta, oltin, uran va uglevodorodlarga asoslanadi; mamlakatda xususiy sektor cheklangan. Ushbu boylik tuzilmasi elitalarni bir nechta daromad olish imkoniyatlari atrofida birlashtirishga yordam berdi. Karimovlar oilasi eng daromadli tarmoqlarni, ayniqsa, milliy mineral sanoati va "Gazprom"ning gaz savdosi, shuningdek, qurilish, sement ishlab chiqarish, Xitoy bilan savdo qilish, kommunikatsiya texnologiyalari hamda ko‘ngilochar sohalarni monopoliya qilishga erishdi — hech bo‘lmaganda 2013–2014-yillarda Gulnora Karimovaning savdo imperiyasi tugatilguniga qadar.

Prezident oilasi bilan yaqindan bog‘liq bo‘lsa-da, muayyan avtonomiyaga ega bo‘lgan xavfsizlik xizmati (SNB nomi bilan tanilgan Milliy xavfsizlik xizmati), ya’ni KGBning voris tashkiloti, O‘zbekiston iqtisodiyotidagi asosiy o‘yinchilardan biriga aylandi. O‘z faoliyatining dastlabki yillarida sovet davriga oid harbiy ehtiyot qismlarni sotish bilan shug‘ullangan MXXning asosiy shaxslari, ayniqsa, Rustam Inoyatov, haqiqiy tijorat imperiyasini yaratdilar. Vaqt o‘tishi bilan MXXning bir guruh vakillari moliya sektorlarini, Bojxona qo‘mitasini, Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligini, Chegaralarni qo‘riqlash va Milliy migratsiya agentliklarini, shuningdek, paxta eksporti bilan shug‘ullanuvchi davlat korxonalari, bank tizimi va ulgurji bozorlarni nazorat ostiga oldi. 1990-yillarda qudratli bo‘lgan hududiy elitalar asta-sekin Toshkentdagi qaror qabul qilish jarayonlaridan chetlatilib, o‘z hududlaridagi kundalik ishlarni boshqarish va paxta hamda qishloq xo‘jaligiga doir asosiy aktivlariga e’tibor qaratishga majbur bo‘ldilar. Ular orasida omadi kelgan va yaxshi aloqalarga ega bo‘lganlar sanoat ishlab chiqarishi va aloqa tarmoqlarining bir qismini nazorat qilish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.

Shu nuqtayi nazardan O‘zbekiston o‘zini beqaror qo‘shnilari qarshisida barqarorlik qal’asi sifatida tezda milliy narrativ markaziga qo‘ydi. Rasmiylar Tojikistonni va yana ham kattaroq darajada Qirg‘izistonni mos ravishda davlatchilikning aksil-modellari sifatida ko‘rsatdilar, ularga fuqarolik urushi va rangli inqiloblar sababli muvaffaqiyatsiz davlatlar sifatida qaradilar. Shuningdek, ular islomiy — yoki islomiylikda ayblangan — harakatlarning I. Karimovning legitimligini shubha ostiga qo‘yishga qarshi targ‘ibot kampaniyasi olib bordilar, ularni davlat suvereniteti va omon qolishlikka tahdid sifatida ko‘rsatishdi. Hokimiyat 1991-1992-yillarda Tohir Yo‘ldoshev (1967-1999) va Juma Namangoniy (1968-2001) boshchiligidagi Farg‘ona vodiysidagi islomiy muxolifatni yo‘q qildi; islomiylarni 1999-yil fevraldagi Toshkentdagi teraktlarni uyushtirishda aybladi; 1999 va 2000-yil yozlarida Tojikiston va Qirg‘iziston tomonlaridan kelgan O‘zbekiston islom harakatining hujumlariga qarshi kurashdi; va 2005-yil may oyida Andijondagi tartibsizliklarni qattiqqo‘llik bilan bostirdi. O‘zbekiston-Qirg‘iziston chegarasidagi kichik to‘qnashuvlarni hisobga olmaganda, rejim Islom Karimovning 2016-yil sentabrda tabiiy o‘limiga qadar hech qanday jiddiy beqarorliksiz o‘n yillik barqarorlikdan bahramand bo‘ldi.

Birinchi prezident davrida hukumat nafaqat har qanday potensial muxolifatni mohirlik bilan yo‘q qildi, balki barqarorlikni saqlab qolish uchun keng miqyosda majburlash vositalaridan foydalandi. So‘z erkinligi, matbuot va uyushmalar erkinligiga qo‘yilgan cheklovlar, shuningdek, tashqi ta’sirlarni cheklashga qaratilgan izolyatsion siyosat, yigirma yil davomida siyosiy status-kvoni saqlab qoldi. Ammo mazkur xalq qo‘llab-quvvatlovi faqatgina majburlash yo‘li bilan qo‘lga kiritildi, deb o‘ylash xato bo‘lardi. Rejim siyosiy, iqtisodiy va milliy davlatchilikka oid bir nechta narrativlarni shakllantirishda muvaffaqiyat qozonib, o‘z legitimligini mustahkamladi. U o‘zini gumon qilinayotgan islomiy tahdidga qarshi tura oladigan yagona dunyoviy kuch sifatida ko‘rsatdi, bu yondashuv qo‘shni Tojikistondagi fuqarolik urushidan travma olgan va har qanday beqarorlik xavfidan qo‘rqqan ko‘plab fuqarolarning qo‘llab-quvvatlovini qozondi. Rejim shuningdek, yetakchi va xalq o‘rtasidagi paternalistik munosabatni shakllantirib, Sovet Ittifoqi parchalanganidan so‘ng ijtimoiy ta’minot tizimi yo‘qolishidan xavotirda bo‘lgan va davlatning jamoat xizmatlarini ko‘rsatishda davom etishini istagan katta aholi qismiga tayanib, qo‘llab-quvvatlab oldi. Nihoyat, tuzum har bir fuqaroni turli xil vazifalar (katta oila, mahalla hamjamiyati, hududiy qarindoshlik, kasbiy jamoa va hokazo) almashinuvi asosida mijozchilik piramidasiga integratsiya qiluvchi keng tarqalgan patrimonial amaliyotni tuzdi.

Bu patrimonial siyosat bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgan yana bir yo‘nalish O‘zbekistonning iqtisodiy siyosati edi. 1990-yillarda bosqichma-bosqichlik yo‘lini tanlash — ya’ni bozor iqtisodiyotiga asta-sekinlik bilan o‘tish va G‘arb donorlari yoki xalqaro moliyaviy institutlar tomonidan targ‘ib qilingan "shok terapiyasidan" qochish — o‘zbekistonlik aholini yashash darajasidagi keskin o‘zgarishlardan himoya qilishda ancha muvaffaqiyatli bo‘ldi. Ushbu muvaffaqiyat natijasida deyarli o‘ttiz yil davomida mamlakat rasmiy ravishda amal qilgan "O‘zbekiston iqtisodiyotining besh tamoyili" paydo bo‘ldi. Biroq, bu model 2000-yillarning boshlaridayoq ishlamay qoldi: O‘zbekiston mineral va energetika sanoatida ko‘plab xorijiy investorlardan ayrildi; qishloq xo‘jaligini isloh qila olmadi (bu soha hali ham aholining yarmini ish bilan ta’minlaydi); yangi xizmat ko‘rsatishga asoslangan uchinchi darajali iqtisodiy sohalarni jadal rivojlantira olmadi; va mehnat migratsiyasining keskin o‘sishiga duch keldi (2014-yilgi iqtisodiy inqiroz arafasida kamida 3 million o‘zbekistonlik Rossiyada, yana yuz minglab fuqarolar Janubiy Koreya, Turkiya va Birlashgan Arab Amirliklarida ishlayotgan edi) hamda malakali yosh avlodning ketishi natijasida "miyalar oqimi" bilan yuzma-yuz keldi.

Ushbu iqtisodiy inqiroz O‘zbekistonning mintaqaviy siyosatida ham aks etdi. 1990-yillarning boshlarida Toshkent Markaziy Osiyoda yangi mintaqaviy yetakchi bo‘lishga umid qilgan edi, bu da’vo o‘zining tarixiy ustunligi va demografik hukmronligiga asoslangan edi (Markaziy Osiyo aholisining yarmi, ya’ni 60 million kishining 30 millionga yaqini o‘zbeklardan iborat). Biroq, qo‘shni davlatlarning tayyor emasligidan qoniqmagan va neft narxlarining o‘sishi bilan kuchayib ketgan Qozog‘istonga nisbatan tezda ortda qolgach, O‘zbekiston izolyatsion siyosatga o‘tdi. Bu strategiya ikkita asosiy maqsadni ko‘zlardi: birinchidan, Rossiya va AQSh kabi yirik kuchlarning har qanday buzg‘unchi tashqi ta’sirlarini (shuningdek, mintaqaviy hamkorlik va integratsiyaga da’vat qilayotgan xalqaro tashkilotlardan) oldini olish; ikkinchidan, Tojikiston va Afg‘onistondagi urushlardan tortib, Qirg‘iziston janubidagi millatlararo ziddiyatgacha bo‘lgan mintaqaviy beqarorliklar O‘zbekistonga yoyilish xavfiga qarshi rejimni himoya qilish edi. Ushbu izolyatsion siyosat mintaqaviy hamkorlikka jiddiy zarar yetkazdi, Tojikiston va Qirg‘iziston bilan transchegaraviy gidroenergetika boshqaruvi bo‘yicha keskinliklarni kuchaytirdi, mamlakatning mintaqadagi tabiiy savdo kuchi sifatidagi rolini chekladi va O‘zbekistonning Sharq va G‘arb, Yevropa va Osiyo chorrahasidagi mavqeini zaiflashtirdi.

 

Milliy istiqlol mafkurasi

Bunga parallel ravishda I. Karimov rejimi tez va samarali ravishda avvalgi obro‘sizlantirilgan marksistik-leninistik mafkura o‘rnini bosish uchun davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan yangi mafkurani yaratdi. Bu yangi mafkuraning maqsadi mamlakatni bo‘linish xavfidan himoya qilish uchun islomiy, etnomillatchi yoki G‘arb liberal qadriyatlaridan ilhomlangan tashqi ta’sirlarni neytrallashtirishga qaratilgan edi. Rejim sobiq Sovet Ittifoqining mafkuraga oid epistemologik qarashlarini davom ettirdi, ya’ni mafkura nafaqat siyosatdan yuqori turadi, balki inkor etib bo‘lmaydigan voqeliklarga asoslangan holda obyektiv va betaraf bo‘ladi. I. Karimov ta’biri bilan aytganda, "Davlat tuzumi, uning faoliyati va unga hamrohlik qiluvchi siyosat, eng avvalo, aniq shakllangan mafkuraga asoslanishi tabiiydir."

Sovet Ittifoqi parchalanganidan keyingi dastlabki yillarda I. Karimov Turkistonning tarixiy nomini qayta tiklashga harakat qildi hamda turkiy va islomiy qadriyatlarga asoslangan mintaqaviy o‘zlikni targ‘ib qilib, buni u "Turonizm" deb atadi. Shu orqali u "Yevrosiyo" tushunchasini ilgari surgan Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev bilan bevosita g‘oyaviy raqobatga kirishdi (7-bobga qarang). Turkiston atamasini yangi Markaziy Osiyo sifatida tasavvur qilish, O‘zbekiston uning markazida ekanligi g‘oyasi mintaqada keng aks-sado bermagan bo‘lsa-da, u O‘zbekistondagi ichki muxolifat tomonidan anchadan beri qabul qilingan edi. Masalan, Muhammad Solih va Abdurahim Po‘latov 1960-1970-yillarda shakllangan yarim dissident adabiy an’anaga mansub bo‘lib, ular ko‘proq islomiy-millatchilik yo‘nalishini va Turkiston birligini qayta tiklashni talab qilgan edilar. Biroq, Turkiston nomiga murojaat qilish tezda O‘zbekistonga qaratilgan yangi narrativ bilan almashtirilib, unda taraqqiyotning o‘ziga xos milliy yo‘llari mavjudligi ta’kidlandi.

Shunday qilib, "o‘zbek yo‘li" deb atalgan yo‘nalish mamlakatni uzoq davr mobaynida shakllangan milliy yo‘l sifatida taqdim qildi. Bu yo‘l asrlar, hatto ming yilliklar davomida taraqqiyotning natijasi bo‘lib, prezidentning shaxsan o‘zi milliy davlatning tarixiy yo‘lini o‘zida mujassam etishi kerak edi. Biroq, I. Karimovning shaxsiga sig‘inish qo‘shni Turkmanistondagi Saparmurat Niyozovnikiga qaraganda kamroq edi. S. Niyozovdan farqli o‘laroq, I. Karimov shaxsiy (hatto deyarli g‘ayritabiiy) qobiliyatlari uchun ulug‘lanmagan, balki davlat va millatning timsoli sifatida madh etilgan — u Endryu F. March ta’biri bilan aytganda, "buyuk o‘zbek davlati quruvchisi" bo‘lgani uchun ulug‘langan. Ayniqsa, 1990-yillarda shaharning ko‘plab joylari I. Karimovni "millat otasi" sifatida ko‘rsatuvchi bilbordlar, vatanni ulug‘lovchi shiorlar bilan to‘ldirilgan edi va u mazkur tushunchani o‘zida aks ettirgani ta’kidlangandi.

I.Karimov o‘zida mujassam etgan milliy istiqlol mafkurasi puxta tayyorlangan izchil matnlar majmuasi orqali shakllandi. Sara Kendzior ta’kidlaganidek, bu matnlarning ayrimlari darhol chop etilgan bo‘lsa, ba’zilari mamlakatdagi voqealarga javoban vaqt o‘tib, zarur bo‘lganda nashr etilgan. Prezidentning o‘zi O‘zbekistonning o‘ziga xos yo‘lga ega ekanligini targ‘ib qiluvchi bir necha kitob yozgani qayd etiladi: O‘zbekiston: Milliy istiqlol, iqtisodiy siyosat va mafkura (1993), Ozod va obod Vatan, erkin va farovon hayot — pirovard maqsadimiz (2000), va Milliy istiqlol g‘oyasi: asosiy tushuncha va tamoyillar (2003). Ushbu asarlar maktab va universitet o‘quv dasturlarida majburiy o‘qiladigan kitoblar bo‘lib, O‘zbekiston xalqini o‘zbek tarixining yakuniy natijasi sifatida ulug‘laydi. I. Karimov ta’kidlaganidek, "Mafkura, avvalo, xalqimizning ko‘p asrlar va ming yilliklar davomida shakllangan muqaddas an’analari va intilishlarining ma’naviy o‘ziga xosligi va noyobligini aks ettirishi lozim."

O‘zbek milliy ongining asosini tashkil qiluvchi qadriyatlarning uzun namunaviy ro‘yxati taqdim etildi, jumladan, oila, keksa avlod va an’anaviy qadriyatlarga hurmat; do‘stlik; tinchlik va bag‘rikenglik; boshqa sivilizatsiyalarga ochiqlik; sabr-toqat; mehmondo‘stlik va mehnatsevarlik. Shunga qaramay, bu buyuk narrativni shakllantirish uchun bir necha mafkurachilar yoki saroy yozuvchilari, xususan, I. Karimovning maslahatchilari Rustam Jumayev va Habibulla Tojiyev, shuningdek, eng muhimi, O‘zbekiston Kommunistik partiyasining sobiq mafkura bo‘yicha kotibi bo‘lgan akademik Ozod Sharafiddinov (1929-2005) kerak bo‘ldi. Dastlabki ikki shaxs, asosan, O‘zbekistonning mustaqilligi va milliy o‘zligini qayta tiklash uchun ming yilliklar davom etgan kurashini targ‘ib qilgan bo‘lsa, O. Sharafiddinov “Ma’naviyat” (islom an’analarida xudoning kalomini qabul qilish degan ma’noni anglatadi) tushunchasining rasmiy mafkurachisiga aylandi.

“Yot" ta’sirlardan, ayniqsa, liberal qadriyatlar, G‘arb iste’molchiligi, etnomillatchilik va islomiylikdan xavotirda bo‘lgan O‘zbekiston "mafkuraviy immunitet"ni rivojlantirishni maqsad qilib, bu Ma’naviyat tushunchasi orqali qamrab olindi. I. Karimov rejimi Ma’naviyat atamasini 1994-yilda qo‘llay boshladi, keyinchalik shu nomdagi telekanal va nashriyot uyi ham tashkil etildi. Shundan so‘ng, ma’naviyat va ma’rifat darslari maktab va universitet dasturlariga kiritildi. 2004-yilda Ma’naviyat yanada institutsionallashtirilib, Respublika ma’naviyat va ma’rifat kengashi tashkil etilib, bu o‘ziga xos bir Mafkura vazirligi edi. Uning vazifalaridan biri har bitta oliy o‘quv yurtiga Ma’naviyat bo‘yicha prorektor tayinlash edi. Bu prorektor nafaqat fan o‘qitilishini nazorat qilardi, balki talabalarning kiyinishini ham ko‘zdan kechirib, ularning kiyimlari axloq va “kamtarona” xatti-harakatlar me’yorlariga mos kelishini ta’minlardi. 2008-yilda I. Karimov Ma’naviyatning mohiyatini ifodalovchi “Yuksak ma’naviyat — yengilmas kuch” asarini chop etdi. Ushbu asar yuqori axloqiylikni o‘zbek xalqining ichki fazilati sifatida ulug‘laydi va I. Karimovning ta’kidlashicha, bu fazilat asrlar davomida tashqi ta’sirlar tahdidi ostida bo‘lib kelgan. Matn, shuningdek, davlat paternalizmi, vatanparvarlik va an’anaviy iyerarxiya hamda katta yoshdagilarga hurmat ko‘rsatishni himoya qiladi; mahallani o‘zbek jamiyatining o‘ziga xos fuqarolik jamiyati modeli sifatida ulug‘laydi; konservativ ijtimoiy urf-odatlar, ayniqsa, erkaklar ustunligi ilgari suriladi; yosh avlodlarni G‘arb qadriyatlari va ommaviy madaniyatdan himoya qilish tarafdori bo‘lib chiqadi va islomiy manbalar Ma’naviyat doktrinasi majmuasiga kiritiladi.

Ma’naviyatning strukturalangan doktrinasi orqali o‘zbek tuzumi o‘zini butun jamiyat uchun axloqiy hokimiyatning egasi sifatida ko‘rsatdi. Mafkura ijtimoiy va madaniy nazorat bilan chambarchas bog‘liq bo‘lib qoldi. Bu esa siyosiy muxolifatni delegitimlashtirishga imkon berdi hamda u millat dushmanlari bilan til biriktirishda va o‘zbeklik tamoyillariga hurmat qilmaganlikda ayblandi; misol uchun 2005-yilning may oyidagi Andijon voqealari asli o‘zbek bo‘lmagan odamlar tomonidan uyushtirilgan, deb talqin qilindi. Shuningdek, tuzum mafkurasi axloqiy narrativga asoslangan senzura kodeksini o‘rnatilishini ham oqladi: masalan, "O‘zbeknavo" davlat san’at agentligi Lola Yo‘ldosheva kabi estrada xonandalari va Zulfiqor Musoqov kabi kinorejissyorlarning Ma’naviyat tamoyillariga rioya qilmaganliklari sababli, ularning litsenziyalari olib qo‘yidi. 2000-yillarning boshlarida rasmiy yoshlar harakati “Kamolot” (sovet davridagi Komsomolga taqlidan yaratilgan) Ma’naviyatni qabul qilib, ramziy jamoaviy harakatlar tashkil etib, rejimga sadoqat ko‘rsatdi.

Chorak asrdan ortiq vaqt davomida O‘zbekistondagi tuzim o‘zbeklikning mohiyati bo‘yicha taxminiy konsensusni shakllantirishga muvaffaq bo‘ldi. Sovet mafkuraviy tilini eslatadigan ushbu o‘zbeklik dunyo tinchligini qadrlovchi, o‘ziga xos milliy rivojlanish yo‘lini ilgari suruvchi va tanazzulga yuz tutgan liberal qadriyatlar, buzg‘unchi islomiylik hamda etnomillatchilik tamoyillariga qarshi tura oladigan ijobiy kuch sifatida taqdim etildi. I. Karimov rejimi, shuningdek, 2010-yillarda butun postsovet mintaqasida asosiy oqimga aylangan millatning ijtimoiy va madaniy qadriyatlarini "G‘arb ta’siridan xalos qilish" zarurati haqidagi narrativni ilgari surishda kashshof bo‘ldi.


Sodda milliy davlatchilik qurish jarayoni?

Qo‘shni davlatlar bilan taqqoslaganda, I. Karimovning O‘zbekistoni nisbatan og‘riqsiz va osonroq davlat qurish jarayonidan bahramand bo‘ldi. Bu qulay vaziyatning bir nechta tuzilmaviy sabablari mavjud. Birinchi sabab O‘zbekistonning boy tarixidir. 1920-yillarning boshlaridan, ya’ni sovet tuzumi ilk milliy subyektlarni yaratganidan beri, mamlakat o‘zini — va Moskva tomonidan ham — Markaziy Osiyoning yuragi sifatida ko‘rsatib kelgan. 1924-yilda tashkil etilgan O‘zbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasi qo‘shnilari, jumladan, o‘troq xalqlar yashaydigan barcha hududlar va Movarounnahrning barcha qadimiy shaharlaridan ustunlikka ega bo‘ldi. O‘zbek elitalari tojik elitalarining qarshiligiga qaramay, Buxoro va Samarqandni respublikaga kiritish uchun muvaffaqiyatli ravishda Moskva bilan muzokara olib bordilar.

Toshkent Turkiston general-gubernatorligi poytaxti sifatidagi maqomi tufayli mintaqaning yaqqol poytaxti bo‘lib qoldi va Sovet Ittifoqi qulaguniga qadar bu mavqeyini saqlab qoldi. Shahar nufuzli muassasalarga, xususan, akademik va oliy ta’lim tizimlariga, shuningdek, O‘rta Osiyo musulmonlari diniy boshqarmasiga (SADUM — Среднеазиатское духовное управление мусульман) mezbonlik qildi. Sovet rejimi O‘zbekistonni sotsializm va Sharq o‘rtasidagi ittifoqning namunasi sifatida ko‘rsatib, bu narrativni Moskva islom dunyosiga qo‘l uzatganda tashqi siyosiy vosita sifatida ishlatdi. Bundan tashqari, O‘zbekiston mintaqaning mashhur me’moriy merosining katta qismiga ega bo‘lib, bu davlatning tarixiy markaziyligi va vorisiyligi belgisidek talqin qilindi. Mahalliy kommunistik elitalar mustaqillikka faol ravishda intilmagan bo‘lsa-da, shu asosda mustaqil o‘zbek milliy davlatini yaratish ular uchun oson bo‘ldi.

Ikkinchi sabab demografik holatdir. Qozog‘iston yoki Qirg‘izistondan farqli o‘laroq, aholining etnik tarkibi o‘zlik bilan bog‘liq xavotirlarni keltirib chiqarmadi. Sovet Ittifoqi davridagi aholini so‘nggi ro‘yxatga olishda (1989-yilda) o‘zbeklar aholi sonining 71 foizini tashkil etib, bu ko‘rsatkich, so‘nggi o‘ttiz yillikda rasmiy ro‘yxatga olish bo‘lmagan bo‘lsa-da, taxminan 85 foizga ko‘tarilgan. Hokimiyat fuqarolarni o‘zini titul etnik guruh a’zosi sifatida ko‘rsatishga majbur qilib, mamlakatning etnik birligini mustahkamlashda ayblangan, ammo majburlovsiz ham O‘zbekiston, shubhasiz, o‘zbeklar milliy davlatidir. Aholining tojik tilida so‘zlashadigan qismi, asosan Buxoro va Samarqandda joylashgan bo‘lib, ularni majburan o‘zbeklashtirishga urinishlar kuzatilgan, ya’ni ular o‘zlarini pasportlarida etnik jihatdan o‘zbek deb ko‘rsatishga va jamoat joylarida, ma’muriyat va ta’lim muassasalarida tojik tilini ishlatish huquqiga da’vo qilmaslikka majbur bo‘ldilar. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, hozirgi kunda tojiklar aholining 5 foizidan kamrog‘ini tashkil etadi, biroq bu raqam muhim emas, chunki Buxoro va Samarqanddagi ko‘plab oilalar ikki tilli bo‘lib, o‘z etnik identifikatsiyasini har ikki guruh bilan bog‘lashlari mumkin.

Boshqa etnik guruhlar mamlakatning etnik bir xilligiga xavf soluvchi omillar sifatida ko‘rilmaydi. Rus ozchiligi sezilarli darajada kamaygan — 1989-yilda 1,6 milliondan bugungi kunda taxminan 500 minggacha (yana rasmiy ma’lumotlar mavjud emas) tushib, ular asosan Toshkent va mamlakatning asosiy qazib oluvchi sanoati joylashgan Navoiy shahrida jamlangan. Qozog‘istondan farqli o‘laroq, O‘zbekistondagi rus ozchiligi hech qachon maxsus huquqlarni talab qilmagan va hech qanday ajralib chiqish xavfi bilan bog‘liq bo‘lmagan. Mamlakatning shimoli-g‘arbiy qismida joylashgan qoraqalpoq ozchiligi (taxminan yarim million kishi) hali ham rasmiy ravishda avtonom maqomga ega, biroq bu avtonomiya, ayrim juda cheklangan madaniy jihatlarni inobatga olmasa, deyarli mavjud emas. Nukus shahri va butun Qoraqalpog‘iston avtonom respublikasi mamlakatning eng qashshoq va eng olis hududlaridan biri hisoblanadi. Ko‘pgina qoraqalpoqlar iqtisodiy imkoniyatlarni, til hamda madaniy yaqinlikni ko‘proq taklif qiladigan qo‘shni Qozog‘istonga ko‘chib ketgan.

Uchinchi sabab, O‘zbekiston to‘g‘ridan to‘g‘ri milliy va fuqarolik siyosatini jadallik bilan olib bordi (va davom ettirdi). O‘zbek tilini yagona davlat tili deb e’lon qildi — rus tili esa har qanday rasmiy maqomini yo‘qotdi va 1993-yildayoq lotin alifbosiga o‘tish orqali rus o‘tmishi bilan ramziy bog‘liqlikni yanada qisqartirdi. Ko‘pgina rasmiy hujjatlar, ayniqsa, huquqiy va texnik tildan foydalanadigan hujjatlar hali ham rus tilida yozilib, keyin o‘zbek tiliga tarjima qilinishi va rasmiy e’lon qilinishi odati saqlanib qolgan ko‘rinadi. Shunga qaramay, o‘zbek tili, shubhasiz, jamoat joylarida, ommaviy axborot vositalari va akademik muassasalarda eng ko‘p qo‘llaniladigan tilga aylangan, rus tili esa tobora chetda qolmoqda.

O‘zbekistonning fuqarolik siyosati, mamlakatning sovet o‘tmishidan uzilish maqsadida amalga oshirilgan til siyosatidan farqli o‘laroq, sovet merosiga asoslanib shakllantirildi: pasport va ma’muriy hujjatlarda fuqarolik va millat/etnik guruh o‘rtasidagi farq saqlanib qolgan. Respublikada tug‘ilgan yoki 1991-yildan boshlab uning hududida yashovchi barcha shaxslar o‘zbekistonlik fuqaro sifatida tan olinadi, biroq o‘zini o‘zbek deb bilgan, ammo mamlakat chegaralaridan tashqarida yashovchi shaxslar Toshkentning vakolatidan tashqarida.

 

Ilmiy doiralar ustidan siyosiy nazorat

Milliy istiqlol mafkurasini o‘rnatish uchun akademik doiralardan yangi mafkuraviy tuzumni qo‘llab-quvvatlashni talab etdi. Masalan, Fanlar akademiyasiga milliyatchilikning yangi lug‘atini ilmiy jihatdan legitimlashtiradigan va O‘zbekistonning postsovet mafkurasining qomusi sifatida xizmat qiladigan "mustaqillikning ilmiy-ommabop lug‘ati"ni nashr etish vazifasi yuklatildi. Bundan ham muhimrogʻi yangi milliy katta narrativni asoslashda dolzarb ahamiyat kasb etadigan fanlar, yaʼni tarix, arxeologiya va etnologiya qatʼiy nazorat ostiga qo‘yildi.

1998-yilda tarixiy narrativ ustidan hukumat nazorati keskin kuchaytirildi. O‘sha yili, O‘zbekiston Tarix instituti faoliyatidan norozilik bildirgan holda, Prezident I. Karimov o‘zbek tarixchilari anjumanini chaqirdi, so‘ng Vazirlar Mahkamasi “O’zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Tarix instituti faoliyatini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi Qarorini qabul qildi. Ushbu hujjatning birinchi bandida siyosiy hokimiyatning tarix faniga taʼsiri o’z tasdig’ini topdi: "Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi: Tarix institutining asosiy vazifasi o‘zbek xalqi va uning davlatchiligi tarixini xolisona o‘rganishdan iborat". Har olti oyda institut o‘zbek xalqi davlatchiligi tarixi bo‘yicha seminar tashkil etishi; o‘zbek xalqining tarixi, boshqaruvi va etnogenezi to‘g‘risida ma’lumot to‘plashi; arxeologik bilimlarni rivojlantirishi va mahalliy yozma manbalar (qo‘lyozmalar) bo‘yicha tadqiqotlar olib borishi belgilab berilgan edi. Qarorda, shuningdek, milliy tarixni targ‘ib qilish uchun yangi moliyaviy manbalar ajratilishi kafolatlangan, jumladan, "O‘zbekiston tarixi" jurnalini yaratish ham kiritilgan.

Dilorom Alimova Tarix institutiga o‘rinbosar, so‘ngra 2010-yilgacha direktor etib tayinlandi. Sobiq Sovet davridagi ayollar ozodligi bo‘yicha mutaxassis bo‘lgan D. Alimova XX asr boshidagi musulmon modernistik harakatlarini o‘rganishga o’tdi, bu mavzu hukumat uchun ayniqsa nozik masala edi (quyida qarang). Uning rahbarligi ostida institut yanada faollashdi: D. Alimova xorijiy hamkasblar bilan aloqalar o‘rnatdi; tadqiqotchilarning xalqaro konferensiyalarda qatnashishini tashkil qildi; nashrlarni qayta tiklashga urindi; qo‘lyozmalarni o‘rganishni talab qiluvchi o‘rta asrlar va qadimgi tarix bo‘yicha mutaxassislar va PhD nomzodlarini jalb qildi. Sovet davridagi kabi zamonaviy tarix hali hanuz eng nozik mavzu bo‘lib qolmoqda edi, chunki u rasmiy davlat narrativiga butunlay bo‘ysundirilgandi. Ushbu sxemalardan uzoqlashmoqchi bo‘lgan tarixchilar o‘zlarini qadimgi tarixga bag‘ishlashlari kerak, garchi bu ham siyosiy tagmaʼnolardan butunlay xoli boʻlmasa-da.

Arxeologiya ham strategik ahamiyatga ega bo‘lib qoldi, chunki u hozirgi hududda qadimgi o‘zbek xalqining mavjudligini tasdiqlash yoki rad etish va ularni Baqtriya va So‘g‘diyona kabi ulug‘vor o‘troq sivilizatsiyalarga bog‘lash imkoniyatiga ega. Hozirgi O‘zbekiston zaminida qadimgi o‘zbek xalqining yashaganligini isbotlovchi jismoniy dalillarni topish zarurati tufayli arxeologiya sohasi hukumat tomonidan homiylik qilinayotgan avtoxtonizm mafkurasiga bo‘ysundirildi.

Etnologiya esa o‘zbek milliy davlatchiligining asosiy fanlaridan biri bo‘lib qolmoqda. Tarixiy manbalar yetishmaydigan joyda faqat etnologiya o‘zbek xalqining boshqa milliy guruhlardan ustunligini va uning azaldan etnik uzluksizligini isbotlay oladi. Koʻpincha etnologiya qatʼiy empirik tadqiqotlar asosida moddiy madaniyatga eʼtibor qaratadi: uy-joy, kiyim-kechak, hunarmandchilik, folklor, marosim va bayramlar. Ilm-fan sohasining yangilanishi va uning mustamlakachilik sifatida qoralangan sovet-rus qarashlaridan uzoqlashuvi haqidagi munozaralarga qaramay, o‘zbek etnologik ishlarining katta qismi XIX asrning ikkinchi yarmi va sovet davriga oid rus manbalariga tayanishda davom etmoqda.

Siyosatshunoslik va sotsiologiya fanlari sovet akademik an’analarida allaqachon kam uchragan bo‘lsa-da, yanada chetga surildi. Toshkent Milliy universitetida (OʻzMU) sotsiologiya kafedrasi (falsafa fakulteti tarkibida) mavjud bo‘lsa-da, boshqa universitetlarda ushbu yoʻnalish boʻyicha kurslar juda kam yoki umuman boʻlmagan. Ichki va tashqi migratsiya kabi yangi ijtimoiy amaliyotlar o‘zbek iqtisodiy modelining muvaffaqiyatsizligini ochib bergani uchun juda nozik mavzu, deb hisoblangan. 2015-yilda siyosatshunoslik O‘zbekiston universitetlarida rasmiy ravishda taqiqlanib, u Oʻzbekistonning ichki ishlariga aralashish maqsadida tashqi kuchlar tomonidan yaratilgan "G‘arb soxta fan"i sifatida ayblandi. Biroq, ayrim neytral deb hisoblangan mavzular, masalan, O‘zbekistonning xalqaro tashkilotlardagi ishtiroki, xalqaro munosabatlar niqobi ostida o‘rganilishiga ruxsat berilgandi.

 

Millatning katta narrativi

Mustaqil O‘zbekiston jadal surʼatlarda xalqning qadimiy tarixi va uning amaldagi davlat tuzilishidan qat’i nazar bardavomligini ta’kidlovchi katta tarixiy narrativni yaratdi. Bu maqsadda tarixiy xotiralarni keng nishonlash yo‘lga qo‘yildi: Amir Temur tug‘ilganining 660 yilligi (1996), Buxoro va Xivaning 2500 yilligi (1997), Toshkentning asos solinganiga 2500 yil to‘lishi (2009) va hokazo. Har qanday siyosiy yoki ilmiy ish mamlakatning noyob qadimiy kelib chiqishini tilga olishdan boshlanishi shart edi. Masalan, YUNESKOning “O‘zbekiston tarixi” kitobida taʼkidlanganidek, "O‘zbekiston qadimiy va oʻziga xos tarixga ega mamlakat bo‘lib, uning xalqlari jahon tarixiga katta hissa qo‘shganlar. O‘zbekiston hududi asl inson taraqqiyotining manbalaridan biridir." Ana shu asoslardan kelib chiqqan holda, mamlakatning tarixiy katta narrativini sxematik ravishda uchta asosiy davrga bo‘lish mumkin: antik davr, klassik Movarounnahr va Sovet-Rossiya hukmronligi.

Qadimgi davr: qanchalik qadimiy bo‘lsa, shunchalik yaxshi

Birinchi yo‘nalish — o‘zbeklarning mahalliyligini imkon qadar uzoq tarixdan uchta maqsadda taʼminlash edi: Eron va Tojikistonga hind-yevropa merosini legitimlashtirishni rad etish; nufuzli skif merosini monopollashtirish; va Sharqiy Sibirdan Markaziy Osiyoga ko‘chib kelgan turkiy xalqlarning g‘arbiy va ruslarning ko‘chmanchi sifatidagi tasavvurini rad etish. Piter Finke asosli muhokama qilganidek, o‘zbek xalqini o‘troq turkiyzabonlar sifatida qabul qilish g‘oyasi eronlik vohaliklarning va Dasht chorvadorlarining merosi o‘rtasidagi muvozanatni ta’minlashni talab qiladi — ya’ni bu ikki madaniy merosdan qaysi biri ramziy ustunlikka ega ekanini hal qilish (kim mahalliylikni da’vo qilishi mumkin?) va unga bog‘liq qadriyatlarni (qaysi madaniyat ustun deb hisoblanadi?) belgilash kerak. Bu shuningdek, o‘zbek olimlarini o‘zbek etnonimi (XVI asrda Shayboniylar sulolasi bilan yuzaga kelgan) va avvalroq Movarounnahrda turkiy aholi — Dashti Qipchoq (dashtdan kelganlar) hududida mavjud boʻlganligi o‘rtasidagi nomuvofiqlikni bartaraf etishga majbur qiladi.

Oldingi bobda muhokama qilinganidek, avtoxtonizmni targʻib qilish sovet akademik an’analaridan kelib chiqqan boʻlsa-da, mustaqillik davrida u sezilarli darajada kuchaydi. Karim Shoniyozovning (1924-2000) intellektual ijodi va uning institutsional maqomi sovet va postsovet davrlari o‘rtasidagi bu davomiylikning timsoli edi. K. Shoniyozov 1960-yilda nomzodlik, 1975-yilda doktorlik darajasini olgan. 1967-yilda Yulian Bromley Moskvadagi Mikluxo-Maklay etnologiya institutiga kelganidan so‘ng, K.Shoniyozov O‘zbekiston Tarix institutining etnologiya bo‘limi mudiri etib saylandi. Uning 1974-yilda chop etilgan “O‘zbek xalqining etnik tarixiga oid” (K etnicheskoi istorii uzbekskogo naroda) kitobida asosiy e’tibor qarluqlar va o‘g‘uzlar bilan bir qatorda o‘zbeklarning etnik ajdodlari sifatida qabul qilingan qipchoqlarga qaratilgan. Qipchoqlarning qimmati shundaki, ular VIII–IX asrlarga oid arab manbalarida tilga olinadi. K. Shoniyozov maʼlumotlar manbalari va qadimiy filologik, etimologik hamda geografik ma’lumotlarni o‘zaro taqqoslash orqali qipchoqlarni Janubiy Sibirning "tub aholisi" (korennyi narod) sifatida koʻrsatadi. U o‘rta asr manbalarida g‘arbiy qipchoqlarning hozirgi O‘zbekiston hududiga kirib kelishi XV asrga toʻgʻri kelsa-da, bu manbalarda X asrdan beri yashagan sharqiy qipchoqlarning mavjudligi haqida maʼlumot berilmagan. Uning fikricha, "etnik o‘zbek millatining asosiy belgilari" X asrga toʻgʻri keladi.

1990-yildan keyin K. Shoniyozov o‘zbeklarning etnik va etnogenetik jarayonlarini o‘rganuvchi ilmiy guruhni boshqargan va institutning etnologiya boʻyicha barcha dissertatsiyalariga rahbarlik qilgan. O‘zbekiston Fanlar akademiyasining a’zosi bo‘lgan yagona etnolog sifatida u o‘zbek milliy etnogeneziga oid nazariyalarni o‘rgangan va 2000-yilda vafot etguniga qadar bu masalada faol tadqiqotlar olib borib, bundan yarim asr avval A. Yakubovskiy va S. Tolstov tomonidan ilgari surilgan nazariyalarni davom ettirdi. Uning sovet va postsovet davridagi asarlaridagi gʻoyaviy izchillik shuni koʻrsatadiki, etnogenez boʻyicha o‘zbek tadqiqotlarida I. Stalin davrida ishlab chiqilgan, yaʼni  etnologiya milliy ongning eng qadimgi mavjud boʻlganligini izlashi va uning hududdagi uzluksizligini vaqt oʻtishi bilan tasdiqlashi kerak, degan asoslovchi farazlarni hech qachon savol ostiga qoʻymagan.

Sovet davridayoq hind-yevropaliklar kelguniga qadar turkiy xalqlarning mavjud bo‘lgan ilk qatlamini namoyish etishga bo‘lgan ishtiyoq K. Shoniyozovning mustaqillikdan keyin eng ishonchli tarixiy dalilni izlash jarayonini yanada tezlashtirdi. 1990-yilda o‘zbek tilida nashr etilgan "Qangʻ davlati va qangʻlilar” kitobida K. Shoniyozov Turk xoqonligi (taxminan milodiy 552-744-yillar) turkiy xalqlarning mintaqaga kelganini eʼlon qilganini inkor qildi. Uning fikriga ko‘ra, turkiy aholining birinchi to‘lqini avvalroq — miloddan avvalgi IV ming yillikda — janubiy Sibir va Jungriyadan kelgan va miloddan avvalgi II–I ming yilliklarda Markaziy Osiyoda Qangʻ sulolasiga asos solgan. Shu tariqa, u qadimiy manbalarda tilga olingan Markaziy Osiyo xalqlari, masalan, skiflar, retrospektiv tarzda hind-yevropaliklar bilan emas, turklar bilan bog‘lanishi kerakligini ta’kidlagan.

K. Shoniyozov 1998-yilda yozilgan "O‘zbek xalqining etnogeneziga oid ba’zi nazariy masalalar" maqolasida o‘zbeklar uchun asoschi sulola masalasiga qaytdi. Uning fikricha, o‘zbek millatini XVI asrda Shayboniylar sulolasi davrida “o‘zbek” etnonimining paydo bo‘lishi bilan hech qanday bog‘lab bo‘lmaydi. Aksincha, o‘zbeklarning kelib chiqishi miloddan avvalgi II ming yillikdagi Qangʻ davlatidan boshlanishi kerak. Agar avvalgi davrlash aniq bo‘lsa, o‘zbek etnogenezining xususiyatlaridan biri uning o‘zgarmasligidir: til va hudud bilan belgilangan o‘zbek etnik oʻziga xosligi ming yillar davomida uzluksiz davom etgan bo‘lar edi.

O‘zbeklarning o‘troq madaniyatini turkiy qo‘shnilaridan ustunligini ta’kidlash uchun K.Shoniyozov ko‘chmanchi xalqlarni qabilachilik bosqichini chetlab o‘ta olmaganlikda aybladi. Bu harakat unga qo‘shni qozoqlar, qoraqalpoqlar va turkmanlarni bir zarba bilan kamsitishga imkon berdi. Qangʻlar, qarluqlar, qoraxoniylar va o‘zbeklar o‘rtasidagi taxminiy hududiy davomiylik o‘zbeklarning o‘troq turkiyligi mavjudligini tasdiqlashga qaratilgan edi. Bu esa forsiyzabon aholini mahalliy maqomdan mahrum qilish bilan birga saljuqiylar, usmonlilar, turkmanlar va qozoqlar kabi xalqlarning ramziy qonuniyligini rad etishni ham nazarda tutgandi.

Ushbu maqolada K. Shoniyozov tarixiy bilimlardan koʻra koʻproq millat qurilishi mafkurasiga tegishli dalillarni ham ishlab chiqdi. Masalan, u "har kim o‘z xalqining etnogenezi va etnik tarixini bilishga haqli" degan fikrni ilgari surdi. U sovet merosini ochiqchasiga rad etib, o‘zbeklarning o‘z etnogenezini yozishga yagona haqli ekanligini tasdiqladi va "markazdan [Moskva]" bo‘lgan olimlarni tanqid qilib, ularning mustamlakachilik yondashuvini saqlab qolganlikda ayblaydi. Ammo bunday ochiq-oydin rad etishga qaramay, K. Shoniyozov hech qachon sovet tushunchalariga chinakam qarshi chiqmagan. U Yu. Bromleyning etnos taʼrifini qabul qilib, til, hudud, madaniyat va tarixiy taqdir birligiga eʼtibor qaratadi. Shuningdek, u barcha xalqlarni yagona vaqt chizig‘iga joylashishini tasdiqladi hamda unda evolyutsiya qabila, elat va millatga o‘tishini nazarda tutdi. U o‘zbek etnosi xronologiyasini aynan sovet fani bilan bir xil tarixiy bosqichlardan — qullik, feodalizm, kapitalizm va sotsializmdan — boshlaydi.

K. Shoniyozov o‘zining milliy etnogenez haqidagi tushunchasini 2001-yilda vafotidan keyin chop etilgan "O‘zbek xalqining shakllanish jarayoni" kitobida yanada rivojlantirdi. Ushbu asar o‘zbek ilmiy hamjamiyatining ayrim qatlamlarida asosiy manba sifatida tan olingan. K. Shoniyozovning shaxsiy obro‘si va bu asarni o‘lim to‘shagida yakunlagani asarni oʻrab turgan hissiy kayfiyatni, uni keng yoyish istagi va Tarix instituti tomonidan asarni rus tiliga tarjima qilishga qaror qilganini izohlaydi. Prezident I. Karimovga bag‘ishlangan kirish qismida muallif yangi davlat kelajagini barpo etish uchun O‘zbekistonning milliy ildizlarga qaytish zarurligini taʼkidlagan: u o‘tmishni to‘g‘ri baholamaslik o‘zbek madaniyatini qadrsizlantirish va uning yoshi va qadimiyligini past baholash xavfini tug‘dirishini qayd etgan.

Kitob milliy tarixni muhokama qilishda yakuniy davrni ilgari surishga intilgan K. Shoniyozovning butun faoliyati davomida ishlab chiqqan tarixiy konturni oʻz ichiga oladi, uning boblari xronologik jihatdan qadim zamonlardan XIX asrgacha boʻlgan. Ushbu bayonda tarixchi-etnolog ilk hind-yevropaliklar kelishidan avval Markaziy Osiyoda turkiy xalqlar mavjud boʻlganini yana bir bor tasdiqlagan va miloddan avvalgi II ming yillikdagi Qangʻ davlatini “mintaqadagi dastlabki turkiy aholi”, deb talqin qilgan. U Qangʻ davlatining qadimgi madaniyati va o‘troqligini yuksak baholagan va uning chegaralarini Uraldan Sirdaryogacha cho‘zilgan, siyosiy markazi esa hozirgi Chimkent hududida joylashgan davlat sifatida tasvirlagan. O‘sha davrda shakllangan Qangʻ etnosi turkiy xalqlarning mintaqadagi boshqa xalqlarni — masalan, Baqtriya va So‘g‘diyona aholisi — assimiliyatsiasi natijasida vujudga kelgan, deb hisoblagan va bu xalqlarning ehtimoliy hind-yevropaliklardan kelib chiqishini ataylab e’tibordan chetda qoldirgan va turkey xalqlarni har doim "singdiruvchi", lekin hech qachon "singdiriluvchi" sifatida tasvirlanmagan.

K. Shoniyozovning tarixga bunday primordialist (ilk davrlar bilan bog‘liq) qarashi tufayli u nafaqat o‘zbek millati uchun juda erta boshlangan etnogenezni, balki miloddan avvalgi birinchi asrdan tortib ruslar Markaziy Osiyoga kelguniga qadar uzluksiz etnik davomiylikni ham daʼvo qilish imkoniga ega bo‘ldi. Uning ilmiy merosiga asoslanib, hozirgi milliy tarix darsliklarida saklar va massagetlar o‘zbeklarning ajdodlari sifatida talqin qilinmoqda.

 

Klassik Transoxianani (Movarounnahrni — tarj.) qayta tiklash

Oʻzbekistonning milliy davlatchilik qurilishidagi ikkinchi asosiy davri Markaziy Osiyo xalqlari o‘rtasida o‘zbeklarning ustunligini ko‘rsatish maqsadida o‘rganiladigan o‘troq Transoxiananing (islom an’analarida — Ma wara an-nahr) mumtoz merosi hisoblanadi. Sovet Ittifoqi qulashi bilan darhol Oʻzbekiston Markaziy Osiyoning “Oltin asr”ining (milodiy IX–XV asrlar oraligʻiga toʻgʻri kelgan) bevosita vorisi ekanligini e’lon qildi va hozirgi Oʻzbekiston hududida yashagan barcha faylasuflar, olimlar, yozuvchilar va islom mutafakkirlarini oʻz merosi sifatida da’vo qildi. Ushbu mutafakkirlar nomlari Toshkentdagi metro bekatlariga berilgan va ularning suratlari banknotalarda aks etgan.

Shu bilan birga, ushbu Oltin asrning ramziy timsoli mintaqada 1370-1405-yillarda hukmronlik qilgan Amir Temur (1336–1405) boʻlib qolmoqda. Uning siymosi 1992-yilda Toshkentning asosiy maydonidagi Lenin haykalining oʻrnini egalladi va I.Karimov ochiqchasiga uni oʻziga namuna qilib ko‘rsatdi. Aslida, bu tanlov juda paradoksal: Amir Temurning kelib chiqishi mo‘g‘ul edi (ammo Chingizxon avlodidan emas) va islom olamining baʼzi qismlarida legitim hukmdor sifatida tan olinish uchun kurashdi. Shunga qaramay, u oʻz oʻtmishiga ehtiyoj sezgan rejim uchun qimmatli timsol boʻldi: u Movarounnahrning yuragida, Samarqand yaqinidagi Shahrisabzda tugʻilgan va shuning uchun hududiy jihatdan Oʻzbekistonga “tegishli”. U Yevrosiyo va Osiyoning katta qismini, hatto Hindistongacha boʻlgan hududni boshqargan (Moʻg‘ullar imperiyasining asoschisi Bobur Andijonning Chigʻatoy turk zodagonlaridan boʻlgan), bu esa O‘zbekistonning bugungi kunda mintaqaviy taʼsiriga daʼvo qilishini oqlashga yordam beradi; Toshkentdagi Temuriylar muzeyida, masalan, Oʻzbekistonning Janubiy Osiyoga eksport qilingan madaniy merosini koʻrsatish uchun Toj Mahalning maketi namoyish etilgan. Amir Temur, shuningdek, xonning siyosiy hokimiyatini oʻzida mujassam etgan va I. Karimov oʻzini shunday otalik qiluvchi hukmdor sifatida tasavvur qilgan. Nihoyat, Amir Temur sanʼat homiysi sifatida ham faoliyat olib borgan; uning hukmronligi davrida va uning vorislari tomonidan erishilgan badiiy va meʼmoriy yutuqlar O‘zbekistonning Markaziy Osiyo madaniyati peshqadamligiga bo‘lgan intilishlarini qo‘llab-quvvatlashda va uning brendini xorijda mustahkamlashda davom etmoqda.

Sovet tuzumi Amir Temurga nisbatan qarashlarni Sovet millatlar siyosatining murakkabligiga qarab turlicha qabul qilgan. Baʼzi olimlar uni Oltin Oʻrda madaniyatining vakili sifatida tanqid qilib, uni osiyoliklarga xos shafqatsizlik va zulm qilganligi bilan ajratib koʻrsatgan. Boshqalar esa uning harbiy yutuqlarini va hokimiyatning markazlashuvni ulugʻlagan, davrning me’moriy merosini qayta tiklagan hamda zamonaviy astronomiyaning asoschisi boʻlgan nabirasi Ulugʻbek (1394–1449) rolini ta’kidlagan. 1970 va 1980-yillarda Amir Temur shaxs sifatida Oʻzbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasi rasmiy panteoniga kiritilmagan bo‘lsa ham, Temuriylar sulolasi allaqachon yuksak madaniy yutuqlar davri sifatida ko‘rilgan edi. Shuning uchun, postsovet Oʻzbekistoni Amir Temurni o‘zbek davlatining otasi maqomini tan olishidan oldin unchalik koʻp narsa qoʻshmagan.

Milliy panteonidagi boshqa muhim shaxslar ilohiyot yoki adabiyot sohasiga tegishli, masalan, XV asr adabiyoti timsoli Nizomiddin Alisher Hirotiy nomi bilan ham tanilgan Alisher Navoiy (1441–1501). Navoiy Markaziy Osiyoda asrlar davomida lingva franka (millatlararo muloqot tili) sifatida xizmat qilgan turkiy til — klassik chigʻatoy tilida eng buyuk shoir va nasriy yozuvchi hisoblanadi va bu til arabcha va forscha so‘zlar bilan boyitilgan. Navoiyning legitimligining asosi Amir Temurnikidan farq qiladi — u hududiy emas, chunki Navoiy Hirotda (bugungi Afgʻoniston) tugʻilgan, balki chigʻatoy tilining zamonaviy o‘zbek tilining (qoraxoniy va xorazmiy tillari uyg‘unlashuvidan) avvalgi shakli sifatida nufuzidan kelib chiqadi. Bu yerda ham mustaqil Oʻzbekiston bu yangi qahramonni noldan yaratmagan; Navoiy 1920-yillarda allaqachon o‘zbek tili va madaniyatini “taqdim qiluvchi” shaxs sifatida eʼtirof etilgan va urushdan keyingi davrda O‘zbekiston Sovet panteonining muhim kishilaridan biriga aylangan.

Agar Amir Temur, Ulug‘bek va Alisher Navoiy milliy qahramonlarning birinchi qatorini tashkil etsa, ulardan keyingi pog‘onada boshqa guruh joylashadi. Unga o‘z davrining eng mashhur astronomlaridan biri bo‘lgan Al-Farg‘oniy (800/805–870), Abbosiylar xalifaligi davrida matematik, astronom va geograf bo‘lgan Al-Xorazmiy (850-yilda vafot etgan), xorazmlik olim va qomusiy bilimlar egasi bo‘lgan Al-Beruniy (973–1048) va tibbiyot bo‘yicha asarlari bilan mashhur bo‘lgan islom neo-platonik faylasufi Ibn Sino (g‘arbda Avitsenna nomi bilan tanilgan) (980–1037) kabi olimlar kiradi. Bu ilmiy merosga islom madaniyatining ikki muhim arbobi ham qo‘shilishi kerak-ki, ular o‘z davrida Buxoroning butun islom ummati ustidan ta’sirini aks ettirgan: sunniy musulmonlar tomonidan eng ishonchli hadis to‘plamlaridan biri hisoblangan "Al-Jomeʼ as-Sahih" muallifi Imom al-Buxoriy (801–870) hamda asosiy tasavvuf tariqatlaridan biri bo‘lgan Naqshbandiyya tariqatining asoschisi, moʻtabar tasavvuf shoiri Bahouddin Naqshband (1318–1389). Darhaqiqat, Naqshband maqbarasining tiklanishi 1993-yilda Islom Karimov tomonidan katta tantana bilan millatning o‘z islomiy o‘tmishi bilan qayta bog‘lanishining ramzi sifatida nishonlangan edi va ilgari Lenin nomi bilan atalgan Buxoroning bosh ko‘chasi unining nomi bilan atala boshlandi.

Biroq, mazkur o‘zbek panteonida ayrim yaqqol kamchiliklar mavjud. Eng koʻzga tashlanadigani — bu Shayboniylar sulolasi va uning asoschisi Muhammad Shayboniyxon (1451–1510) bo‘lib, u bugungi kundagi narrativda nisbatan kichik o‘rinni egallaydi. Darhaqiqat, Shayboniylar o‘zbek tarixiga asos soluvchilar, deb hisoblanishi uchun hududga juda kech kelishgan va o‘zbek tarixshunosligini boshqaradigan qadimiylik tamoyili uchun kurashda ularga o‘rin berilmagan. Qolaversa, ular Oltin O‘rda bilan juda ochiqchasiga bog‘langan, temuriylar bilan raqobatlashgan va keyinchalik qozoqlarga aylanganlar bilan bir xil kelib chiqishga ega bo‘lgan, bu esa ularni o‘zbek millatining katta narrativining mahalliychilik talablariga mos kelmaydigan unsurlar qilib qo‘ygan. XVII va XVIII asrlardan keyingi davrlar ham ko‘pincha chetlab o‘tiladi, chunki bu davrda o‘zbek xonliklari va Buxoro amirligi yirik qit’alararo imperiyalar markazida yoki fors-turk dunyosining madaniy avangardida emas, balki yangi savdo yo‘llaridan asta-sekin chetlashtirildi va yangi imperiyalarning chekkalariga surildi.

Oʻzbekistonning klassik Movarounnahr-Turkiston oltin asrini ramziy egallashi qoʻshni respublikalar bilan ziddiyatlarni keltirib chiqardi. Bu, ayniqsa, Tojikiston bilan aloqalarda, shuningdek, o‘sha bir xil Turkiston madaniy daraxtidan o‘z qonuniy ulushini xohlaydigan boshqa turkiy respublikalar bilan munosabatlarga ham taalluqlidir: qirg‘iz va qozoq tarixshunoslari ba’zan o‘zlarini Markaziy Osiyoning madaniy o‘lchovi sifatida o‘zbeklikka qarshi qoʻyishga majbur bo‘lishadi.

 

Murakkab muvozanat: Rossiya va Sovet hukmronligi

Uchinchi asosiy davr eng ziddiyatlisi bo‘lib, u yaqin oʻtmishda bo‘lib o‘tgan tarixni — ya’ni Rossiya mustamlakachiligi va Sovet tajribasini o‘z ichiga oladi. O‘zbekistonning mazkur katta narrativi  boshqa qismlardan farqli oʻlaroq, Sovet Ittifoqi qulaganidan beri keskin o‘zgargan, chunki millatning mustaqilligini asoslash uchun bunday o‘zgarish zarur edi. Toshkentning Rossiya boshchiligidagi har qanday mintaqaviy ittifoqni rad etish va rus-sovet madaniy merosidan uzoqlashish siyosatiga mos ravishda, XIX va XX asrlar haqidagi tarixiy narrativlar, asosan, salbiy va buzgʻunchi jihatlarga eʼtibor qaratdi. XIX asrning boshidan (hatto o‘zbek xonliklari va Buxoro amirligi Rossiya imperiyasi protektoratiga aylanmasidan oldingi davrdan) tortib, 1991-yilda mustaqillikka erishilgunga qadar bo‘lgan butun davr “Rossiya mustamlakachilik hukmronligi” davri sifatida belgilandi. Sergey Abashinning ta’kidlashicha, bu diskurs ozmi-koʻpmi 1920–1930-yillardagi marksistik tarixnavislikning barcha mustamlakachilikka qarshi qoidalarini takrorlaydi. Bu narrativ tarix darsliklarida oʻz aksini topdi va 2001-yilda I. Stalin qatagʻonlari davridan eksgumatsiya qilingan ko‘plab qabristonlar joylashgan Toshkentning mahallalaridan birida Qatagʻon qurbonlari xotirasi davlat muzeyi tashkil etildi.

Biroq, Oʻzbekiston shoʻro tuzumini chor hukmronligi davri bilan bogʻlagan boʻlsa-da, sovet tajribasining repressiv jihatlarini tanqid qilish bilan birga, bugungi hokimiyat tomonidan yuqori baholanadigan sovet davrining modernizatsiyalash boʻyicha saʼy-harakatlarini — ommaviy urbanizatsiya, sanoatlashtirish va rivojlangan adabiy muhitni — tan olishda qiyinchiliklarga duch keldi. Shuningdek, sovet tuzumida o‘zbek elitasining rolini aniqlash va ushbu goʻyoki mustamlakachilikka qarshi kurashgan milliy qahramonlarga nom berishda ham qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Darhaqiqat, Oʻzbekistonning katta narratividagi dilemma shundaki, sovet tuzumi tomonidan qatag‘on qilinganlar zamonaviy O‘zbekistonning mafkuraviy tamoyillariga mos kelmaydigan qarama-qarshi narrativni ifodalaydi hamda, oʻz navbatida, Sovet Ittifoqini oddiy mustamlaka kuchi sifatida ko‘rishga shubha tug‘diradigan o‘zbek kommunistik elitasi bugungi rejimning qadriyatlariga mafkuraviy jihatdan yaqinroq turadi.

Xalqning chor rejimiga qarshi qo‘zg‘olonlar tarixi (1898-yilda Andijon va 1916-yildagi mintaqaviy qo‘zg‘olon, Urkun) hamda 1920-yillardagi sovet tuzumiga qarshi “bosmachilar” harakati ochiqchasiga islomiy qadriyatlar, ba’zan hatto shariatga ishoralar qilgani tufayli bugungi hokimiyat uchun tashvishlidir. Diniy fundamentalizmga qarshi kurash orqali o‘zining dunyoviy avtoritarizmini oqlagan I. Karimov rejimi uchun islomni milliy ozodlik mafkurasi sifatida omma oldida ochiq tan olinishi mumkin emas edi. Shuning uchun “bosmachilik” harakati, 1990-yillarning boshida milliy ozodlik harakati sifatida taqdim etilgan bo‘lsa-da, islomni milliy ozodlik g‘oyasi bilan ochiqchasiga bog‘lashdan qochish uchun asta-sekin u oddiy “qurolli harakat” (vooruzhennoe dvizhenie), deb baholandi.

Jadidlar hamda 1920–1930-yillarda sotsializm va millatchilikni birlashtirishga intilgan va keyinchalik I. Stalin tomonidan “Katta qirgʻin” davrida yo‘q qilingan milliy kommunistlar bilan ham nisbatan o‘xshash vaziyat kuzatilgan. Akademik tarixshunoslik ularni inkor etmaydi: Dilorom Alimova jadidchilikni madh eruvchi kitob yozgan va undagi Abdurauf Fitrat (1886–1938) kabi asosiy namoyandalar bugungi kunda ko‘plab o‘zbek ziyolilari tomonidan eʼzozlanadi. Biroq, jadidlar davlat tomonidan keng jamoatchilikka taqdim etilgan panteonda deyarli yo‘q. Darhaqiqat, jadidlar va milliy-kommunistlar bugungi elita orasida asosan panturkistik gʻoyalari tufayli ko‘proq shubha uyg‘otadi. Ularning barcha Markaziy Osiyo xalqlarini birlashishga chaqirgan g‘oyalari, mustaqilligini himoya qilayotgan O‘zbekiston davlatini, ayniqsa, mustaqillikning dastlabki yillarida mintaqaviy integratsiyaga moyil bo‘lmagan davrida, mamnun qilmagan.

Qolaversa, Rossiyada boʻlgani kabi, O‘zbekistonda ham sovet tuzumi qurbonlarini fosh etish ularni qiynoqqa soluvchilarini aniqlashdan koʻra osonroq kechdi, chunki bunday yondashuv sovet davridagi o‘zbek elitalariga ishora qilishni talab qilardi. Bugungi hukmdorlar, shubhasiz, o‘zlarining sovet davridagi oʻtmishdoshlarining merosxo‘rlari bo‘lib, bu uzluksizlik rejimning mafkuraviy da’volari uchun muammoli hisoblanadi. Shu sababli, N. Xrushchyov va L. Brejnev davrlari o‘zbek rasmiy tarixshunosligi va muzeylarida deyarli tilga olinmaydi; yagona, lekin muhim istisno sifatida 1959-yildan to 1983-yilgacha respublikani boshqargan O‘zbekiston Kompartiyasining birinchi kotibi Sharof Rashidov (1917–1983) nomi keltiriladi. Sh. Rashidov Moskvaning manfaatlariga qarshi o‘z xalqining manfaatlarini himoya qilgan milliy qahramon sifatida ko‘riladi, garchi bu sharaflanish qisman Sovet Ittifoqining mustamlakachi hukmdor sifatidagi narrativiga zid bo‘lsa-da.

 

Siyosat va etnologiya: O‘zbekistonning Etnik Atlasiga oid tadqiqot

“O‘zbekistonning Etnik Atlasi” atrofidagi munozaralar milliy davlatchilik masalasida o‘zbekistonliklarning narrativi naqadar nozik ekanligining yorqin namunasidir. 2002-yilda mahalliy “Ochiq jamiyat” jamgʻarmasi tomonidan nashr etilgan va Alisher Ilhomov (sotsiolog va “Ochiq jamiyat” institutining yordam jamgʻarmasi ijrochi direktori) tomonidan tahrir qilingan Atlas millatchilik masalasiga konstruktivist nuqtai nazarni olib kirishga harakat qilib, mavzuga oid amaldagi rasmiy millatlar siyosatiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri qarshi chiqdi. Kitobning nomiga qarshi oʻlaroq, u aslida faqat atlas emas, balki O‘zbekistondagi “millatlar”ning lug‘ati bo‘lib, unda juda oz miqdorda xaritalar berilgan. Birinchi qismi mahalliy va xorijiy olimlardan iborat katta jamoa tomonidan yozilgan bo‘lib, mamlakatda yashovchi qariyb yetmishta “millat”ning alifbo tartibidagi ro‘yxatini taqdim etsa, ikkinchi qismi ko‘proq munozarali bo‘lib, to‘liq A. Ilhomov tomonidan yozilgan va o‘zbek davlatchiligini barpo etishga bag‘ishlangan.

Atlas atrofidagi mojaro sababli Soros jamg‘armasi Adliya vazirligida qayta ro‘yxatdan o‘ta olmadi va 2004-yilda yopilishga majbur bo‘ldi. (Ushbu kitob 2021-yil boshlarida nashrga tayyorlanayotganda jamg‘arma hali qayta ochilmagan edi.) Mazkur mojaroning siyosiy o‘lchami faqat uni kengroq siyosiy kontekstga, ya’ni Gruziya va Ukrainadagi “rangli inqiloblar” va “Ochiq jamiyat” jamg‘armalarining ushbu ko‘cha harakatlarini qo‘llab-quvvatlaganiga bog‘lab tushunish mumkin. O‘zbekistonning asosiy telekanalida namoyish etilgan nutqida I. Karimov jamg‘armaning yopilishini uning noqonuniy faoliyat bilan shug‘ullanganlikda ayblab, Atlas bilan bog‘liq mojaro haqida ham qisqacha toʻxtalgan:

Aholining ayirmachi unsurlarini safarbar qilish bo‘yicha [Soros tomonidan] juda jiddiy urinishlar bo‘ldi. Masalan, millatlararo munosabatlar masalasida ular millatlararo munosabatlarga oid nashrlar va tarjimalarni tarqata boshladilar. O‘zbeklar qayerdan kelgan, tojiklar qayerdan kelgan va hokazo. Ushbu nashrlar, kitoblar, gazetalar hech qanday asosga ega emas va oddiy tanqidga dosh berolmaydi. Bu haqida bizning tarixchilarimiz gapirgan va aytgan. Ammo ularning asosiy maqsadi… o‘zbek ziyolilari orasidan ertaga ularni qo‘llab-quvvatlay oladigan vakillarni tanlash va… konstitutsiyaviy tuzumga qarshi chiqish edi.

Atlasga qarshi ayblovlar O‘zbekiston Tarix instituti tomonidan tashkil etilgandi. 2003-yilning kuzida “Etno-Jurnal” elektron jurnalida Atlasga raddiya maqola chop etildi. Uning muallifi arabshunos va Tarix institutida dastur rahbari lavozimida ishlagan Sh. Kamoliddin edi. Oradan ko‘p o‘tmay, 2004-yilning 14-15-yanvar kunlari rasmiy nashr hisoblangan “Pravda Vostoka” gazetasida D. Alimova, Sh. Kamoliddin va Zoya Arifxanova, Etnologiya bo‘limi boshlig‘i tomonidan imzolangan uzun maqola chop etildi. Xuddi shu yili aprel oyida uch muallif maqolani ozgina o‘zgarishlar bilan O‘zbekistonning yetakchi tarixiy jurnali “O’zbekiston tarixi”da qayta nashr qilishdi. Alisher Ilhomov ushbu turli tanqidlarga javob berishga urinib ko‘rgan bo‘lsa-da, “Pravda Vostoka” uning javobini chop etishni rad etdi. Shundan so‘ng, u o‘z pozitsiyasini himoya qilish uchun “Etno-Jurnal”da va O‘zbekistondagi “Ochiq jamiyat” jamg‘armasining veb-saytida uning  yopilishidan avval ikkita maqola nashr etdi.

"Xolislik va hisobdorlik: O‘zbekistonning etnik atlasi qanday bo‘lmasligi kerak" maqolasida D.Alimova, Z. Arifxanova va Sh. Kamoliddin tomonidan buyurtma asosida raddiya uyushtirildi. Ular millatlar haqidagi yozuvlar va baʼzi atamalarning noaniqligini tanqid qilishdan boshlashdi, masalan, "etnik ozchiliklar" kabi atamalarni qo‘llash sovet anʼanalarida kamsitiluvchi, deb hisoblangan. Ular etnografik tadqiqotlarni boshqaruvchi qoidalarning buzilganini tanqid qilishdi; bu qoidalarga ko‘ra, har bir etnik guruhning etno-demografik xususiyatlari, o‘ziga xos madaniyati, hayot tarzi, moddiy madaniyati va marosimlari tizimli tarzda tasvirlanishi kerak edi. Biroq, dalillar tezda siyosiy tus ola boshladi. Masalan, D. Alimova rasmiy qarashga muvofiq ravishda, tojiklar o‘zbeklashtirishga majburlanmayotganini, balki tojik va turkiy xalqlar o‘rtasida asrlar davomida mavjud bo‘lgan tabiiy simbioz jarayoni borligini taʼkidladi. Bu oʻrinli va oʻrinsiz tanqidlardan keyin mojaroning asosiy mavzusi yuzaga chiqdi: o‘zbek millati haqida nimalarni gapirishga ruxsat etilgan.

Atlasning ikkinchi qismida A. Ilhomov rasmiy narrativni ochiqchasiga savol ostiga qoʻyadi. O‘zbek ilm-fanida yarim asrdan ko‘proq vaqt davomida majburiy bo‘lib kelgan etnogenez nazariyalarini tanqid qilib, u G‘arbda rivojlangan konstruktivist nazariyalarga, millat bu siyosiy, intellektual va davlat qurilishi ekanligi haqidagi g‘oyaga, Benedikt Andersonning "tasavvurdagi jamoalar"iga ishora qildi va “o‘zbek millatining shakllanishini tabiiy va obʼektiv tarixiy jarayon sifatida tasvirlash soddalik” ekanligini taʼkidladi. A. Ilhomov sovet klassiklarini "o‘zbek milliy tarixining kanonlashtirish"ga hissa qo‘shishda va voqeani millatning teleologiyasiga aylantirishda aybladi. U sovet etnologiyasining asosiy noaniqliklaridan biri bo‘lgan etnos va millat o‘rtasidagi chalkashlik etnogenez ilmidagi ko‘plab epistemologik xatolarga sabab bo‘lganini taʼkidladi. Atlasni onlayn nashr qilayotganda, A. Ilhomov o‘z fikrini qayta bayon qildi:

Etnogenez tushunchasi [haqiqatni] to‘liq aks ettirmaydi, chunki u biologik fanlar arsenalidan olingan va ijtimoiy jarayonlarni tabiiy-tarixiy hodisalar sifatida tasvirlaydi hamda bunda shaxslar, institutlar, hokimiyat, guruhlar va, ayniqsa, elitalarning irodasi, qisqasi, ijtimoiy masalalar tahlil doirasidan tashqarida qoladi.

A. Ilhomov, shuningdek, Shayboniylar sulolasining milliy tarixdagi rolini tiklashga harakat qildi va butun bir bobni sovet davrida milliy o‘zlikni shakllantirish jarayoniga bag‘ishlab, 1924-yilda O‘zbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasining hududiy bo‘linishi va tashkil etilishiga alohida eʼtibor qaratdi. U faqat bitta o‘zbek shevasiga asoslangan kodlashtirilgan adabiy tilni takomillashtirishga urg‘u berdi va o‘zbek milliy ongini rivojlantirishdan manfaatdor boʻlgan uchta asosiy siyosiy kuchni tilga oldi: jadidlar, milliy-kommunistlar va partiya apparati.

Milliy o‘zlikning ushbu radikal talqini rasmiy akademik doiralarda qizg‘in norozilikni keltirib chiqardi. Sovet anʼanalariga binoan, ular A. Ilhomovning fikrlarini "gʻayriilmiy", deb ayblashdi va bu atama Atlasga javoban chop etilgan maqolalarda muntazam ravishda uchrab turadi. A. Ilhomovning G‘arb antropologiyasiga qilgan ko‘plab havolalari, ularning nazariy ustunligini anglatgan holda, G‘arb matnlari bilan tanishish imkoniyati cheklangan o‘zbek akademik muhitini larzaga soldi. D. Alimova va uning hamkasblari taʼkidlaganidek:

[A.Ilhomovning] yondashuvi G‘arb antropologiyasida keng tarqalgan konstruktivizm nazariyasiga asoslangan bo‘lib, bu etnologlar hamjamiyati tomonidan ishonchli, deb tan olinmaydi, chunki konstruktivizm etnik jamoalarning obʼektiv voqelik sifatida mavjudligini inkor qiladi va faqat shart-sharoitlar natijasida odamlar tomonidan yaratilgan etnik xususiyatlarni tan oladi. Demak, o‘zbek millatining shakllanishi tabiiy tarixiy jarayon emas, balki siyosiy yaratilish natijasi sifatida tushuniladi.

Tarix instituti konstruktivizm maktabiga nisbatan nafaqat ochiq-oydin salbiy munosabatda bo‘libgina qoldi, balki A. Ilhomovning A. Yakuboskiy nazariyalaridan oldingi Shayboniylar sulolasini milliy o‘zlik tarixidagi keskin burilish nuqtasi sifatida qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha harakatlarini ham tanqid qildi. A. Ilhomovning XVI asrni o‘zbek etnogenezi davri sifatida ko‘rsatishi milliy ongi — mavjud hukmron narrativlarga ko‘ra — bunchalik yangi bo‘la olmaydigan millatga nisbatan haqorat sifatida baholandi. Asosiy ayblov Atlasga qarshi hujumning oʻziga xos taʼsirchan va ramziy xarakterini ochib beradi:

Bu kishilar [g‘arb olimlari va A. Ilhomov kabi ularga yaqin bo‘lganlar] o‘zlarining ilmga zid qarashlari va taxminlari bilan Markaziy Osiyodagi o‘zbeklar va boshqa turkiy xalqlarni mintaqada hech qanday madaniy an’analarga ega bo‘lmagan madaniyatsiz ko‘chmanchilar, chorvadorlar, muhojirlar va bosqinchilar sifatida tasvirlashga harakat qilmoqdalar… Shu tufayli (ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish uchun) tarix fanida ildiz otgan ba’zi bir stereotiplarni va turkiy xalqlarning tarixda tutgan o‘rnini noto‘g‘ri tasavvur qilishni rad etish zarur.

Bahslarning boshqa muhim tarkibiy qismlari o‘zbek xalqining avtoxtonizmi va qadimiyligiga taalluqlidir. Sh.Kamoliddin A.Ilhomovni turkiy xalqlar azaldan tabiiy ravishda ko‘chmanchi boʻlib kelgan, o‘zbek tarixshunosligi esa nufuzli oʻtroq o‘tmishni tasavvur qilishga asoslangan, degan taxminga ishora qilishda aybladi. Sh. Kamoliddin "qadimgi turkiylar Markaziy Osiyoning ilk aholisi boʻlib, mintaqa tub aholisining bir qismini tashkil etadi", deb ta’kidlaydi. Unga ko‘ra, arxeologiya bu hududda miloddan avvalgi II ming yillikdan beri, hatto hind-yevropaliklar kelishidan oldin ham, katta oʻtroq madaniyatning mavjudligini isbotlagan. K. Shoniyozov an’analariga amal qilgan holda Sh. Kamoliddin mazkur ilk sivilizatsiyani turkiylarga bogʻlamoqchi boʻlib, shunday deydi: "So‘nggi toponimik va lingvistik tadqiqotlar miloddan avvalgi II ming yillikda dravid tilida so‘zlashuvchi xalqlar prototurkiy xalqlar bilan yaqin aloqada bo‘lgan, deb taxmin qilishga imkon beradi va bu rishtalar hind-yevropaliklarning kelishi natijasida uzilgan edi." Shuning uchun unga koʻra, "prototurkiy xalqlar bu hududning ilk aholisidir va uning qadimiy hind-yevropalikkacha boʻlgan aholisining bir qismidir," deya da’vo qilishni o‘rinli deb biladi.

Atlas atrofidagi bahs-munozaralarni ilm-fan sohasidagi kurash sifatida talqin qilish mumkin. Tarix instituti etnologik sohaning o‘z vakolati doirasidan chiqib ketishini va asta-sekin sotsiologiya yoʻnalishi tadqiqotchilari tomonidan egallanib olinishi, ayniqsa, sotsiologiya boʻyicha G‘arb targʻibot muassasalari tomonidan moliyalashtirilgan ehtimolni rad etdi. Masalan, Sh. Kamoliddin etnogenezni "ommaviy sotsiologik nazariyalar orqali tushunib bo‘lmaydi, balki birinchi navbatda tarixiylik tamoyili asosida tushunish lozim," deb ta’kidlagan. Unga ko‘ra, faqat tarixchi etnik jarayonlarni o‘rganishga munosib institutsional malakaga ega bo‘ladi. Sotsiologiya haqiqatan ham "boshqa xalqlar hududida yaqinda tashkil etilgan yoki hosil bo‘layotgan jamoalar uchun foydali bo‘lishi mumkin, lekin avtoxton aholi asosida milliy shakllanish sodir bo‘lgan xalqlar tarixini tushuntira olmaydi." Shunday qilib, sotsiologiya sovet an’analarida etnologik ilm-fan sohasining bevosita obʼyekti hisoblangan hududga tajovuz qilmoqda.

D. Alimova bu fikrni tasdiqlab, “Ushbu Atlasni Tarix instituti nashr etishi kerak edi” va “Ochiq jamiyat” jamgʻarmasining institut bilan maslahatlashmagani nomaqbul ekanligini qayd etdi (“Oʻzbekistondagi hech bir tan olingan etnolog bu nashr tayyorlanayotganidan xabardor emas edi”). Kitob, haqiqatan ham, etnik masalalar bo’yicha mutaxassis boʻlgan mahalliy ilmiy doira vakillari tomonidan nazorat qilinmagan va Tarix instituti nashr etilishi bilan bogʻliq boʻlmagan, lekin Atlas mualliflarining bir nechtasi institut aʼzolari boʼlgan. “Rangli inqiloblar” atrofidagi siyosiy ziddiyatlar va milliylikning konstruktivistik va primordialistik qarashlari haqidagi ilmiy munozaralarning oʻziga xos kombinatsiyasi boʻlgan Atlas mojarosi oʻzbek etnogeneziga oid barcha narsaning ogʻriqli tarzda ramziyligini qamrab oladi. Gʻarb targʻibotchi jamgʻarmasining bunday ramziy ahamiyatga ega sohaga aralashishga jurʼat etgani ham siyosiy rahbariyat, ham mahalliy ilmiy jamoatchilik tomonidan qabul qilib boʻlmaydigan holat sifatida baholandi.

 

Markaziy Osiyodagi bir nechta qo‘shnilari bilan taqqoslaganda, O‘zbekistonning millat qurish borasidagi harakatlari ancha ishonch va qatʼiyat bilan kechgan. U o‘tmishni talqin qilish, madaniy vorisiylik, hududiy yaxlitlik va etnik bir xillik masalalarini hal qilishda katta qiyinchiliklarga duch kelmadi. Bugungi millatning ko‘plab jihatlari allaqachon jadidlar yoki o‘zbek milliy kommunistlarining qarashlarida, jumladan, O‘zbekistonning markaziy o‘rni, uning Turkiston oʻzligining mezoni sifatidagi mavqei, Movarounnahr merosi bilan tarixiy bogʻliqligi, ko‘chmanchi va o‘troq, fors va turkiy xususiyatlarining uyg‘unligi allaqachon koʻzga tashlanardi. Tarix, etnografiya va folklor bo‘yicha masʼul bo‘lgan sovet muassasalari urushdan keyingi o‘n yilliklarda o‘zbek millatini bir nechta segmentlarda mustahkamladilar. Shunday qilib, o‘zbek tarixi Sovet Ittifoqi parchalanishidan oldin ham milliylashtirilgan edi. Mustaqil hokimiyatlar shunchaki yangi qatlamni qo‘shib, rus-sovet o‘tmishini qayta talqin qilishlari va xalqni o‘z hududi bilan to‘liq bog‘lash uchun qadimgi tarixga yanada chuqurroq sho‘ng‘ishlari kerak edi.

Shu bilan birga, O‘zbekiston ham millat qurish jarayonida qiyinchiliklarga — asosan  milliy deb hisoblangan va xorijiy deya qabul qilingan tushunchalar o‘rtasidagi bog‘liqliklar borasida duch keldi. Har qanday kelib chiqish tarixida bo‘lgani kabi, O‘zbekiston milliyati ham ba’zi muammoli unsurlarni koʻzdan yashirib, chiziqli rivojlanish taassurotini yaratishga va ziddiyatli paradokslardan qochishga intildi. Shu sababli milliy tarixning ko‘plab noaniq va ziddiyatli taraflari ehtiyotkorlik bilan chetga surildi. Rasmiy ravishda mustamlakachi sifatida qoralangan sovet o‘tmishiga bo‘lgan munosabat — garchi ko‘p fuqarolar kuchli sovet sogʻinchini namoyon etsa-da — ehtimol, eng murakkab ziddiyatlardan biridir. O‘zbek jamiyatida tojiklarning o‘rni va ikki millat o‘rtasidagi umumiylik mavzusi milliy davlatning qat’iy chegaraviy loyihasiga mos kelmagani sababli muhokama qilinmaydigan mavzulardan sanaladi. Umuman olganda, boshqa Markaziy Osiyo millatlarining Movarounnahr va Turkiston madaniyatini shakllantirishdagi roli ham yashirilgan. O‘zbek milliyati madaniy qahramonlar uchun umumiy panteonni bo‘lishishga tayyor emasdek ko‘rinadi va bu umumiy merosni o‘ziga tortishda davom etmoqda. Va nihoyat, ahamiyati kam bo‘lmagan masala sifatida Markaziy Osiyoga islomning kirib kelishi ham ana shunday sukut saqlanadigan mavzulardan biridir: har qanday tashqi aralashuvni qoralashga intilgan va islomiylikdan qo‘rqqan hukumat uchun O‘zbekistonning milliy dini tashqi ta’sir ostida (arab istilosi orqali) kelganini tan olish qiyin kechmoqda.

Dunyoning har qanday boshqa mamlakati kabi O‘zbekiston ham ikkilanishlar va aytilmaydigan unsurlarga toʻla milliyatchilik narrativida yashashi mumkin. Biroq, I. Karimovdan keyingi davrda ijtimoiy va madaniy manzarani keskin o‘zgartirish imkoniyatiga ega bo‘lgan ikki muammo hal qilinishi kerak. Birinchisi — milliy o‘zlik va islom o‘rtasidagi bog‘liqlikdir. Avvalgi rejimning pozitsiyasi maʼlum bir ma’noda shizofrenik edi. Rasmiy nutqlarda islom milliy din sifatida ulug‘lanar, mahalliy ziyoratgohlar qadrlanar va tasavvuf bilan bog‘liq buyuk milliy shaxslar madh etilardi. Shu bilan birga, diniy amaliyotlar qattiq nazorat qilinar, va’zlar boshqarilar, diniy ta’lim keskin cheklanar va ummat bilan aloqalarga shubha bilan qaralar edi.

"O‘zbeklik" hali ham "musulmonlik" (musulmonchilik) bilan chambarchas bog‘liq bo‘lib qolmoqda, ammo bu faqat o‘zbeklashgan holda, ya’ni milliy an’ana, madaniy va folklor merosi yoki me’moriy yodgorlik sifatida qabul qilinadi. Islomga amal qilish, xulq-atvor me’yorlari va odob-axloq qoidalari borasida ajratilgan o‘rin, siyosiy da’volarni legitimlashtirish uchun islomni tilga olish masalasida esa yanada cheklangan. Charlz Kurzmanning ta’biri bilan aytganda, islom tuzum tomonidan "siyosiy jihatdan neytrallashtirilgan". Ushbu ziddiyatli siyosatni davom ettirish tobora qiyinlashib borishi mumkin, chunki yosh avlod orasida islomga amal qilish kuchayib, ular bu dinni o‘z shaxsiy va jamoaviy o‘zliklarining bir qismi sifatida koʻradilar. Sovet davridan meros bo‘lib qolgan davlat sekulyarizmi aholining turli xil "musulmonlik"ni namoyon qilishi fonida asta-sekin yemirilib bormoqda. Yangi o‘zbek rasmiy narrativida ana shu chuqur evrilishlar inobatga olinishi kerak bo‘ladi.

Ikkinchi muhim element — bu mehnat migratsiyasining roli boʻlib, uning mavjudligi I. Karimov davrida o‘zbek rasmiylari tomonidan keskin rad etilgandi. Prezidentning migrantlarni "dangasa" deb atashi va Rossiyaga faqat sharafsiz odamlar ishlash uchun borishini aytishi mehnat migratsiyasining salbiy ma’nosini hamda bir necha million fuqaroni chet elda ish qidirishga undagan ijtimoiy-iqtisodiy voqelikni hukumat tan olmasligini yaqqol namoyon etgandi. Migratsiya O‘zbekistonning barcha qishloq hududlaridagi ko‘plab yosh erkaklar va ularning oilalari uchun bir turdagi burilish nuqtasiga aylanib, individual o‘zlik va kollektiv hamjihatlik mexanizmlari, iqtisodiy strategiyalarni shakllantirishga yordam bergan. Migratsiya aholining islomga munosabatiga ham ta’sir ko‘rsatganga o‘xshaydi-ki, ko‘plab yosh migrantlar chet elda bo‘lganlarida islomiy amaliyotlar bilan tanishadilar. Qanday bo‘lmasin, migratsiyaning shaxsiy va jamoaviy o‘zlikni shakllantiruvchi kuchi tan olinishi va milliy narrativga kiritilishi, bu narrativ izolyatsiyalovchi bo‘lmay, o‘zbekistonlik fuqarolarni globallashuv ishtirokchilari sifatida eʼtirof etishga tayyor bo‘lishi zarur.

Millatning katta narrativi uzoq muddat davomida keskin va sekin oʻzgarishlar hamda evrilishlar mavjudligini istisno etmaydi. 2016-yilda "millat otasining" oʻlimi Oʻzbekiston rahbariyatiga oʻz millatini qurish va qayta shakllantirish uchun imkoniyatlar eshigini ochdi. Shavkat Mirziyoyev tezda bir qator sezilarli oʻzgarishlarni amalga oshirdi: mamlakatning asosiy mafkurasi iqtisodiy samaradorlikni qoʻllab-quvvatlashi kerak boʻlgan bir vaqtda “maʼnaviyat va maʼrifat"ning ura- urachilik bilan shugʻullanishi maqsadga muvofiq emasligini tanqid qildi; mehnat migratsiyasining muhimligini koʻplab yosh oʻzbeklar uchun oʻziga xos istiqbol sifatida (oxir-oqibat) tan oldi; diniy oʻzlikni kundalik ifoda etishda koʻproq erkinlik berish maqsadida qonunchilikni yumshatdi. "Millat otasi" shaxsining Oʻzbekiston siyosatidan yoʻqolishi, shubhasiz, bir davrning tugashi va yangi davrning boshlanishi mamlakatning millat qurilishiga ham chuqur oʻzgarishlar kiritilishini anglatadi. Akademik erkinlikning yangi muhiti va oliy taʼlim tizimining qayta shakllantirilishi, garchi uning asosiy xususiyatlari va ramziy mezonlari oʻzgarishi ehtimoli past boʻlsa-da, millat qurilishi narrativini qayta koʻrib chiqish va unga yangi chiziqlar tortish imkoniyatlarini taqdim etdi.

Author

Comment
Share

Building solidarity beyond borders. Everybody can contribute

Syg.ma is a community-run multilingual media platform and translocal archive.
Since 2014, researchers, artists, collectives, and cultural institutions have been publishing their work here

About